Xorazmda moliyaviy piramida aniqlandi

Saqlash
09:51 / 04.09.2024 847 0

Ijtimoiy tarmoq orqali yaratilgan “AIF” platformasi tashkilotchilariga jinoyat ishi qoʻzgʻatildi, deb xabar berdi Xorazm viloyati Ichki ishlar boshqarmasi.

 

Maʼlum boʻlishicha, joriy yilning 3-sentyabr kuni boshqarma bir guruh fuqarolar tomonidan qilingan murojaatga asosan, ijtimoiy tarmoqlardagi “AIF” platformasining faoliyati oʻrgangan.

 

Natijada, ushbu platforma ayni paytda oʻz faoliyatini nomaʼlum sababga koʻra toʻxtatgani va murojaat qiluvchi shaxslarga juda koʻp miqdorda moddiy zarar yetkazgani aniqlangan.

 

Shundan kelib chiqib, 3-sentyabr kuni mazkur holat yuzasidan Xorazm viloyati IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan JKning 188-1-moddasini 3-qismi “a,v” bandlari (Pul mablagʻlarini va boshqa mol-mulkni jalb etishga doir noqonuniy faoliyat) bilan jinoyat ishi ochilgan.

 

Jinoiy hodisani va jinoyat sodir etishda aybdor boʻlgan shaxslarni aniqlash, tergov jarayonini tez va sifatli amalga oshirish maqsadida viloyat ichki ishlar organlarining malakali tergovchilaridan iborat tergov guruhi ham tuzilgan.

 

Endilikda ushbu tergov guruhi tomonidan mazkur jinoyat ishi doirasida jabrlanuvchilar soni va ularga yetkazilgan zarar miqdori aniqlashtirilmoqda.

 

Xabarda, shuningdek, “AIF” platformasidan moddiy zarar koʻrgan shaxslar Xorazm viloyati IIB huzuridagi Tergov boshqarmasiga murojaat qilishi mumkinligini aytiladi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//