Maktab oshxonalarida sotilishi taqiqlangan mahsulotlar roʻyxati maʼlum boʻldi

Saqlash
09:11 / 04.09.2024 530 0

Sogʻliqni saqlash vazirligi maktab oshxonalarida qanday oziq-ovqatlarni tayyorlash va sotish taqiqlanganini maʼlum qildi.

 

 

Taʼkidlanishicha, gamburger, chizburger, xot-dog, “кириешки”, “хрустяшки”, chips, energetik va gazlangan ichimlik kabi mahsulotlarni Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti kundalik taomnomadan chiqarishni tavsiya qiladi. Shu qatorda, ular yurtimizdagi umumtaʼlim muassasalarida ham ruxsat etilmaydigan oziq-ovqat va taomlar roʻyxatiga kiritilgan.

 

 

SSVning xabariga koʻra, maktab hududida quyidagi mahsulotlarning tayyorlanishi va sotilishi mumkin emas:

 

▪️ goʻsht qoʻshilgan, mayonez, ketchup va orasiga sabzavotlar solingan non mahsulotlari (masalan, gamburger, chizburger va xot-doglar);

 

▪️ sunʼiy taʼm, hid beruvchi moddalar, boʻyoqlar, aromatizatorlar qoʻshilgan qandolat mahsulotlari;

 

▪️ sunʼiy konservantlari boʻlgan “кириешки”, “хрустяшки” va chipslar, qurt, pista, donali uy sharoitida tayyorlangan shimiladigan shirinliklar;

 

▪️ rangli va rangsiz gazlangan ichimliklar;

 

▪️ veterinariya nazoratidan oʻtmagan goʻsht, baliq, parrandalar, jigar, til va yurakdan tashqari barcha kalla-pochalar;

 

▪️ tashqi qavati toza boʻlmagan, singan, zarur talablarga javob bermaydigan tuxumlar;

 

▪️ bankalarning germetikligi buzilgan, bombajli, zanglagan, shakli oʻzgargan, yorligʻi boʻlmagan va ishlab chiqarish vaqti hamda yaroqlilik muddati belgilanmagan, ayniqsa, uy sharoitida tayyorlangan har xil turdagi konservalar;

 

▪️ turli aralashmalar yoki ombordagi zararkunandalar bilan zararlangan yorma, un, quritilgan mevalar va boshqa mahsulotlar;

 

▪️ “xolodes”, parranda va tuyoqli hayvonlar oyogʻidan tayyorlangan hamda kalla goʻshti ruletlari, oʻpka-jigarli va qondan qilingan kolbasalar;

 

▪️ pasterizatsiya qilinmagan (flyagadagi) tvorog, termik ishlov berilmagan, idishda saqlangan tvorog va qaymoq, qoʻlbola qatiq, epizotik noxush xoʻjaliklardan olingan, shuningdek dastlabki ishlov berilmagan va pasterizatsiya qilinmagan sut va sut mahsulotlari, qimiz va tarkibida etanol boʻlgan (0,5 foizdan ortiq) boshqa achitilgan sutli mahsulotlar;

 

▪️ qoʻziqorinlar va ulardan tayyorlangan mahsulotlar;

 

▪️ kvas;

 

▪️ xom dudlangan goʻshtli gastronomik mahsulotlar va kolbasalar, shu jumladan, qaynatilgan kolbasa;

 

 

▪️ sirka, xantal, xren (yerqalampir), oʻtkir qalampir (qizil, qora) va boshqa oʻtkir ziravorlar;

 

▪️ oʻtkir taʼmli souslar, ketchuplar, mayonez, konservalar, marinadlangan sabzavot va mevalar;

 

▪️ tabiiy kofe, tetiklantiruvchi va quvvatni oshiruvchi energetik va alkogol ichimliklar;

 

▪️ pazandalik moylari, choʻchqa yogʻi, margarin va boshqa gidrogen yogʻlar;

 

▪️ danakli mevalarning magʻzi, saqich, meva va rezavorlardan tayyorlangan yaxna ichimliklar va morslar (termik ishlovsiz);

 

▪️ “okroshka” va sovuq shoʻrvalar, yogʻda qovurilgan tuxum, pashtet, goʻsht va tvorogli quymoqlar;

 

Bundan tashqari, tez tayyorlanadigan quruq oziq-ovqat konsentratlari asosidagi birinchi va ikkinchi taomlar maktab oshxonalarida boʻlishi taqiqlanadi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//