Jamiyat
Sud SSSRni tiklash tarafdori bo‘lgan 74 yoshli samarqandlik fuqaroga 3 yilga ozodlikni cheklash jazosini tayinladi. Bu haqda "Gazeta.uz" nashri xabar berdi.
Ish materiallariga ko‘ra, u Telegram`dagi guruhda “O‘zbekiston mustaqilligi yuzaki ekani va sobiq Sovet Ittifoqi rasman tarqalmagani” haqidagi materiallar joylashtirgan. Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand shahri sudi O‘zbekiston konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuzda ayblangan fuqaroga nisbatan hukm chiqardi. “Gazeta.uz” mazkur sud qarorini o‘rgandi. Quyida nashrning o‘rganishlari keltirib o‘tiladi.
Ish materiallariga ko‘ra, fuqaro E.Xasanov 1979-yilda Samarqand davlat universitetini tamomlab, Samarqand shahridagi 11-sonli kechki maktabda ikki yil matematika fanidan dars bergan, so‘ngra “Vatanparvar” tashkilotida ishlab, 2011-yili nafaqaga chiqqan.
Sud qarorida keltirilishicha, u 2021-yilda rossiyalik Oleg Turishkinning ma’ruzalarini tinglashni boshlagan. Rossiya fuqarosi undan SSSR fuqaroligidan chiqish bo‘yicha ariza bilan murojaat qilganmisiz, deya so‘ragan. Yo‘q, degan javobni berganidan so‘ng uni “Gos.reyestr SSSR” nomli guruhga qo‘shib qo‘ygan. Oradan vaqt o‘tib Oleg Turishkin fuqaroga “SSSR fuqarosi” haqidagi guvohnomani pochta orqali jo‘natgan.
E.X. YouTube`da Aleksey Ivanovich ismli odam bilan ko‘rishgan, so‘ngra 2023-yil 3-yanvarda Moskvaga borib, u yerda Sovet Ittifoqini tiklash uchun tarafdorlarni to‘playotgan odamlar bilan uchrashgan. Ular ushbu davlat hali qonunan tarqalmaganini, Iosif Stalin davridagi Konstitutsiya va qonunlarga qaytishini, 15 davlatni qonuniy yo‘llar orqali tez yillarda birlashtirishlarini aytgan.
Sudlanuvchi o‘tgan yilning mart oyida “Uzbekskaya SSR/SSSR” Telegram-guruhiga qo‘shilgan. U yerda “O‘zbekiston mustaqilligi yuzaki ekanligi, hozirgi kunga qadar rasman sobiq Sovet Ittifoqi tarqalmaganligi, uning tarkibiga kirgan 15 ta respublika AQSh yordamida o‘zboshimchalik bilan mustaqilligini e’lon qilganligi va tez orada sobiq ittifoq davlatlari qaytib SSSRga qo‘shilishlari” haqidagi materiallarni joylashtirgan.
Kompleks sud-siyosatshunoslik lingvistik ekspertizasi xulosasiga ko‘ra, uning materiallarida O‘zbekistonning amaldagi davlat tuzumini konstitutsiyaga xilof tarzda o‘zgartirish, buzishga ochiqdan ochiq da’vat qiluvchi g‘oyalar mavjud.
Shuningdek, u Telegram`dagi guruhga Samarqand viloyati bo‘yicha “VKPb” sekretari hisoboti sifatida “V vsesoyuznaya Kommunisticheskaya partiya Bolshevikov goroda Samarqanda” nomli maqola joylashtirgan.
Ayblanuvchi sudda o‘z aybini tan olmagan, biroq suddan jazoni yengillashtirishni so‘ragan.
Sud E.X.ni Jinoyat kodeksining 159-moddasi 1-qismi (O‘zbekiston Respublikasining amaldagi davlat tuzumini Konstitutsiyaga xilof tarzda o‘zgartirishga, hokimiyatni bosib olishga yoxud qonuniy ravishda saylab qo‘yilgan yoki tayinlangan hokimiyat vakillarini hokimiyatdan chetlatishga yoxud O‘zbekiston Respublikasi hududiy yaxlitligini Konstitutsiyaga xilof tarzda buzishga ochiqdan-ochiq da’vat qilish, shuningdek, bunday mazmundagi materiallarni tarqatish maqsadida tayyorlash, saqlash yoki tarqatish) bilan aybdor deb topdi. Unga nisbatan 3 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.
Bundan tashqari, unga soat 22:00 dan 6:00 gacha xonadondan chiqishi, nazorat organining ruxsatisiz yashash joyini o‘zgartirishi, Samarqand viloyati hududidan tashqariga chiqishi, internet tarmog‘idan foydalanishi taqiqlandi.
Jamiyat
Siyosat
Siyosat
Siyosat
Siyosat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q