Toshkent xalqaro aeroportida "Pax Track" tizimi ishga tushirildi

Saqlash
16:38 / 01.09.2024 1393 0

Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida "Pax Track" tizimi test rejimida oʻrnatilib, ishga tushirildi. Bu haqda "Uzbekistan Airports" AJ xaber berdi. 

 

"Pax Track" - yoʻlovchilarni kompleks monitoring qilish tizimidir.Roʻyxatdan oʻtish joyidan keyin oʻrnatilgan turniketlarda yoʻlovchi bortga chiqish talonini, xodim esa oʻz ruxsatnomasini skanerlashi kerak. Chegara nazorati va aviatsiya xavfsizligiga tekshirish xizmatlari ham ushbu tizim bilan integratsiyalashadi. Shunday qilib, kechikayotgan yoʻlovchini bortga chaqirishda aeroport xodimlari tizimdan uning qaysi sektorda ekanligini va roʻyxatdan oʻtgandan keyin “steril” zonaga kirgan-kirmaganligini bilish imkoniyatiga ega boʻladi.

 

Bugungi kunda uchib ketish zalida 40 ta roʻyxatga olish peshtaxtasi mavjud. Rekonstruksiya ishlari tugallangach, roʻyxatga olish peshtaxtalari soni 90 ta boʻladi.

 

Uchib ketish hududidagi chegara nazorati punktlari soni ham 34 tadan 54 taga yetkaziladi. Tekshiruv hududi 15 ta yoʻlakgacha kengaytiriladi. Shuningdek, uchib kelish zalida 48 yoʻlovchi oʻtish kanaliga ega yangi pasport nazorati zonasi tashkil etiladi, bagaj olish kamarlari soni 4 tadan 8 taga koʻpayadi.

 

Shuningdek, uchib ketish va kelish zallarini birlashtirish orqali kutib oluvchilar uchun 4000 kv metrga yaqin maydon ajratish mumkin bo‘ladi.

 

Rekonstruksiya doirasida BHS va BRS yuklarni tashish va nazorat qilish tizimlarini joriy etish rejalashtirilgan. Ketish va kelish uchun yangi uskunalar va dasturiy ta'minot o'rnatiladi. Tizim bagajni parvozlar boʻyicha avtomatik tarzda saralash, bagajni tashishga qabul qilingan paytdan to bortga ortilgan paytgacha kuzatib borish, eng muhimi, bu vaziyatda inson omilini minimallashtirish imkonini beradi. Yo‘lovchilarga qulaylik yaratish maqsadida bagaj yorlig‘i raqami orqali yukni kuzatish imkonini beruvchi mobil ilova ishlab chiqish ham rejalashtirilgan.

 

"Joriy yilning sentabr oyida boshlanadigan rekonstruksiyaning yakuniy bosqichida uchib kelish va uchib ketish zallari bitta terminal majmuasiga birlashtirilib, uning maydoni 105 000 kv.m ni tashkil qiladi. Bu aeroport terminalining o‘tkazish qobiliyatini soatiga 1200 yo‘lovchidan 2400 tagacha oshirishi kutilmoqda", - deyiladi xabarda.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//