Prezident: Shahid ketgan, qatagʻon qilingan har bir yurtdoshimizning hayoti – qahramonlik

Saqlash
18:42 / 31.08.2024 1632 0

31-avgust – Qatagʻon qurbonlarini yod etish kuni munosabati bilan Shahidlar xotirasi xiyoboniga davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, nuroniylar, ziyolilar yigʻildi, deb xabar berdi Prezident matbuot xizmati.

 

Shavkat Mirziyoyev ham ishtirok etgan marosimda ajdodlar haqiga Qurʼon tilovat qilinib. elga osh tortildi.

 

 

 

Tarixiy haqiqatni tiklash, yoshlarni shu ruhda tarbiyalash haqida oʻtgan muloqot oldidan xiyobondagi ramziy qabr yonida ham Qurʼon tilovat qilindi.

 

 

“Mustaqillik bayrami arafasida, bugungi tinchlik, erkinlik sharoitida qahramon bobolarimizning pok nomlarini eslash, tabarruk xotiralariga ehtirom koʻrsatish biz uchun ham qarz, ham farz. Shu bois dunyodan oʻtgan vatandoshlarimizning ham qadrini tiklayapmiz. “Inson – aziz, xotira – muqaddas” degan ezgu shior hayotimizdan mustahkam joy olyapti. Tabarruk yodgorlik majmualari bunyod etyapmiz. Maʼrifatparvar bobolarimiz haqida badiiy va ilmiy asarlar, kinofilmlar yaratilmoqda. “Xotira” kitoblari tayyorlanmoqda. Xalqaro konferensiyalar oʻtkazilmoqda. Mana, soʻnggi uch yil ichida 1 ming 200 dan ziyod siyosiy qatagʻon qurbonlarining nomini oqladik. Bu nimani anglatadi? Bu – adolat sinmasligini, haqiqat bari-bir tantana qilishini anglatadi”, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

 

 

Davlat rahbari, shuningdek, joriy yil 19-iyul kuni qabul qilingan “Siyosiy qatagʻon qurboni boʻlgan yurtdoshlarimiz hayoti va faoliyatini oʻrganish, targʻib etish hamda ularning xotirasini abadiylashtirish borasidagi ishlarni kengaytirish toʻgʻrisida”gi qarorning mohiyati va maqsadi haqida gapirdi:

 

“Shu paytgacha qatagʻon qurbonlarining toʻliq roʻyxati shakllantirilmagan edi. Holbuki, bu roʻyxatdagi har bir raqam ortida inson taqdiri bor. Shahid ketgan, qatagʻon qilingan har bir yurtdoshimizning hayoti – qahramonlik. Shu bois biz qarorda qatagʻon qurbonlarini nomma-nom aniqlash, ularning ibratli hayotini oʻrganish va tadqiq etish masalasiga alohida eʼtibor qaratdik. Tarixiy haqiqatni tiklash maqsadida ularning tabarruk nomlarini koʻp jildlik “Qatagʻon qurbonlari” kitobiga hamda mana shu majmuada barpo etiladigan ramziy kitob sahifalariga yozib qoʻyamiz. Afsuski, chet davlatlarda, hatto oʻzimizdagi arxivlarda bu masalaga oid barcha maʼlumotlarni ham toʻliq oʻrganganimiz yoʻq. Shu sababli, bu borada ilmiy ekspeditsiyalar tashkil etish belgilandi. Endi har yili oktyabr oyining birinchi haftasini mamlakatimizda Siyosiy qatagʻon qurbonlarini yod etish haftaligi sifatida nishonlaymiz”.

 

Prezident 1938-yil 4-16-oktyabr kunlari ustidan hukm oʻqilgan 507 nafar oʻzbekistonlik siyosiy mahbus haqida ham toʻxtalib oʻtdi.

 

“Bu sana xalqimiz tarixidagi eng qaygʻuli kunlardan biridir. Shuning uchun bu haftalikni katta tayyorgarlik bilan, birdamlikda oʻtkazishimiz kerak”, – deya taʼkidladi Prezident.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//