“Yurtimizda bunday insonlar qancha koʻp boʻlsa, men ham mukofotlashdan charchamayman” – Prezident

Saqlash
20:49 / 30.08.2024 1873 0

Bugun, 30-avgust kuni Shavkat Mirziyoyev Koʻksaroy qarorgohida Mustaqillik bayrami munosabati bilan turli sohalar vakillariga faxriy unvon, orden va medallarni topshirdi. Bu haqida Prezident matbuot xizmati maʼlum qildi.

 

Davlat rahbari mukofotlarni berishdan oldin barchani, avvalo, Mustaqillik bayrami bilan tabriklagan.

 

“Biz nima uchun mehnat qilyapmiz? Xalqimiz tinch va farovon yashashi uchun, farzandlarimizning baxt-u kamoli uchun. Inson qadri degan harakatni boshlaganmiz. Bu harakatni, katta-katta maqsadlarimizni joylarda kim amalga oshiradi? Sizlarga oʻxshagan fidoyi, vatanparvar, kuchli insonlar! Sizlar – qahramonsizlar, yoshlarimizga namunasizlar. Men sizlar bilan gʻururlanaman va xalqimiz nomidan rahmat aytaman, – degan Prezident yigʻilish qatnashchilariga.

 

Xabarda aytilishicha, Prezident bunyodkor xalq, bagʻrikeng millat sifatida jahon maydoniga chiqish, erishilgan yutuqlar – bularning barchasi oʻzbek xalqining yutugʻi ekanini taʼkidlagan.

 

“Mehnatkash, fidoyi yurtdoshlarimizni men oʻzimning eng yaqin qadrdonlarim, sadoqatli safdoshlarim deb bilaman. Bugun Vatanimizga jonkuyar, oʻzini el-yurt taqdiriga daxldor deb biladigan insonlar yanada koʻproq kerak. Boshqalarni, ayniqsa, yoshlarimizni ortidan ergashtira oladigan, ertangi kunga ishontiradigan, jamiyatni birlashtiradigan odamlar kerak. Chunki el ishonchi, xalq birligi va ahilligi koʻzlagan marralarimizga erishishda hal qiluvchi ahamiyatga ega” – degan Shavkat Mirziyoyev.

 

Shuningdek, uchrashuvda dunyodagi bugungi vaziyat, unda oqilona yoʻl topish mashaqqati haqida ham soʻz yuritilgan.

 

Kelajakda global dunyoda Oʻzbekistonning oʻrni qanday boʻlishi, kishi oʻz mehnati, bilimi, dunyoqarashi bilan el-yurtga qanchalik naf bera olishi mumkinligi kabi savollar hammani oʻylantirishi kerakligi urgʻulagan.

 

Prezident joylarda davlat mukofotlarini qabul qilib olayotgan vatandoshlarimizni ham tabriklagan.

 

“Mukofot aslida nima? Mukofot – bu avvalo inson qadrini ulugʻlash degani. Odamning mehnati qadr topsa, davlat va jamiyat tomonidan eʼtirof etilsa, bundan uning oʻzi, oilasi, doʻstlari, mahalla-koʻy, qolaversa, el-yurt ham xursand boʻladi. Bizning maqsadimiz ham shu: halol va samarali ishlayotgan odamlarni qadrlash, izzat-ikrom koʻrsatish”, – degan davlat rahbari.

 

Shundan soʻng, mukofotlanganlarga faxriy unvon, orden va medallar tantanali ravishda topshirilgan.

 

 

“Yaxshi ishlagan odam qadr topadi. Bugun halol mehnat, fidoyilik va vatanparvarlik yana bir marta qadr topayotgan kun. Bugungi yuksak unvonlar, orden va medallar sizlarni yangi zafarlarga chorlasin. Yurtimizda bunday insonlar qancha koʻp boʻlsa, men ham mukofotlashdan charchamayman”, – degan Shavkat Mirziyoyev taqdirlanganlarga mukofotlarni topshirish jarayonida.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//