Shavkat Mirziyoyev Jamoat xavfsizligi universitetini koʻzdan kechirdi

Saqlash
15:18 / 30.08.2024 1529 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qoʻmondoni Shavkat Mirziyoyev Jamoat xavfsizligi universitetini borib koʻrdi, deya maʼlum qildi Prezident matbuot xizmati.

 

Xabarga koʻra, mazkur universitet qoʻmondonlik va texnik kadrlar tayyorlaydigan, bir necha oʻquv muassasalarini birlashtirgan koʻp bosqichli harbiy taʼlim tizimi mavjud oliygohlardan biri hisoblanadi.

 

 

U Prezidentning 2021-yil 15-apreldagi “Jamoat xavfsizligini taʼminlash sohasida professional kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori asosida qayta tashkil etilgan.

 

 

Oʻquv yurtining asosiy vazifasi chuqur oʻqitish, jangovar va jismoniy tayyorgarlikni oshirish orqali jamoat xavfsizligini samarali tashkil etishga qodir malakali mutaxassislarni tayyorlashdan iboratdir.

 

Maʼlumot uchun, hozirda bakalavriatda 15, magistraturada 8 yoʻnalish bor boʻlgan ushbu universitetga 2021/2022-oʻquv yilidan boshlab talabalar qabul qilina boshlagan.

 

Xabarda keltirilishicha, oliy oʻquv yurtidagi sharoitlarni kuzatish davomida Shavkat Mirziyoyev ofitser va talabalar bilan muloqotda dual taʼlimni keng joriy qilish, oʻquv dasturini bugungi xavf-xatarlarga moslashtirib borish boʻyicha koʻrsatmalar bergan.

 

 

Shuningdek, Prezident universitetning yangi sport majmuasini ham koʻzdan kechirgan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//