“Bunday ulkan arenada eng kuchli va mohir atletlar, zoʻrlarning zoʻri ishtirok etadi” – Prezident

Saqlash
17:12 / 28.08.2024 666 0

Koʻksaroy qarorgohida Shavkat Mirziyoyevning Parij Olimpiadasida ishtirok etgan sportchilar, ularning ota-onalari va murabbiylari bilan uchrashuvi boshlandi, deb xabar berdi Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov.

 

Maʼlum boʻlishicha, davlat rahbari sportchi oʻgʻil-qizlarni 33-yozgi Olimpiya oʻyinlarida munosib ishtirok etib, erishgan ulkan tarixiy gʻalabasi bilan yana bir bor muborakbod etgan.

 

“Dunyoning 200 dan ziyod davlatidan 11 ming nafarga yaqin eng mashhur sportchilar qatnashgan ushbu nufuzli sport anjumani biz uchun tom maʼnoda rekordlar, mislsiz yutuqlarga boy boʻldi.

 

Avvalo, mazkur Olimpiadada Oʻzbekiston birinchi marta eng koʻp tarkib bilan, yaʼni, 19 ta sport turi boʻyicha 90 nafar sportchi bilan ishtirok etganini taʼkidlash lozim.

 

Ayniqsa, ayollar kurashi, kamondan oʻq otish, suvga sakrash, futbol kabi sport turlari boʻyicha sportchilarimiz ilk bor Olimpiya oʻyinlarida qatnashganini alohida eʼtirof etish kerak”, degan Prezident.

 

Shuningdek, uchrashuvda Olimpiya medallari, mamlakatning sport olamida erishayotgan yutuqlari davlatning umumiy rivojlanish va insoniy taraqqiyot darajasini bildirishi urg'ulangan.

 

“Bu tarixiy gʻalaba Yangi Oʻzbekiston yoshlari qanday buyuk ishlarga qodir ekanini yana bir marta amalda namoyish etdi”, degan Shavkat Mirziyoyev.

 

Uchrashuvda erishilgan mazkur natijalar Oʻzbekiston tarixida ilgari hech qachon boʻlmagan yutuq ekani taʼkidlab oʻtilgan.

 

Toʻrt yilda bir marta oʻtadigan bunday yirik xalqaro musobaqada dunyodagi har bir mamlakatning sport sohasiga berayotgan eʼtibori, millat va xalqning jismoniy va maʼnaviy salohiyati yaqqol namoyon boʻladi.

 

Bunday ulkan arenada esa eng kuchli va mohir atletlar, zoʻrlarning zoʻri ishtirok etadi.

 

“Shu maʼnoda, sizlar xalqimizning chinakam qahramonlari, botir oʻgʻil-qizlari, Vatanimiz iftixorlarisiz. Barchamiz sizlar bilan gʻururlanamiz!”, degan Prezident.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//