Siyosat
Foto.Kun.uz
“Tolibon” Kobulni egallagan kunlarda afgʻonistonlik harbiylar tomonidan olib oʻtilgan samolyot va vertolyotlar Oʻzbekistonda qoladi. Bu haqida Kun.uz AQShning Toshkentdagi elchisi Jonatan Henikning soʻzlariga tayanib xabar berdi.
Maʼlum boʻlishicha, AQSh va Oʻzbekiston rasmiylari ushbu aviatexnikalarning keyingi taqdiri boʻyicha kelishuvga erishgan.
“Harbiy texnikalar Oʻzbekistonda boʻladi. Ha, bu allaqachon rasmiy”, — degan AQSh elchisi mazkur aviatexnika jihozlari Oʻzbekistonda qoladimi, degan savolga javob berar ekan.
Uning soʻzlariga koʻra, tomonlar allaqachon qoʻshma dasturni amalga oshirishni boshlagan.
“Ushbu texnikalar hech qachon afgʻonlarniki boʻlmagan, ular amerikaliklarniki edi. Afgʻon armiyasi undan foydalandi, lekin biz hamisha xoʻjayin boʻlganmiz”, — deya qoʻshimcha qilgan Henik.
Nashrning Afgʻoniston matbuotiga tayanib yozishicha, “Tolibon” Afgʻonistonda hokimiyatni qoʻlga kiritgunga qadar 164 ta jangovar samolyot boʻlgan. Hozirda ularning soni 81 ta. 2021-yilda Afgʻoniston harbiy-havo kuchlari uchuvchilari samolyot va vertolyotlarning bir qismini Oʻzbekiston va Tojikistonga olib oʻtishga muvaffaq boʻlgan.
Xususan, “Tolibon” Kobulni egallagan kunlarda bortida 585 nafar afgʻonistonlik harbiy xizmatchi boʻlgan 22 ta harbiy samolyot va 24 ta vertolyot Oʻzbekiston havo hududini kesib oʻtgan.
“Tolibon” ushbu havo kemalari Afgʻoniston mulki ekani va ular qaytarilishi lozimligi haqida bir necha bor bayonot berib kelgan boʻlsa-da, Oʻzbekiston rasmiylari samolyot va vertolyotlar AQSh mulki ekanini va ularni qaytarib boʻlmasligini bildirgan.
Pentagon rasmiy vakili Jon Kirbi ham Oʻzbekiston aviatexnikalarni Afgʻonistonga qaytarmasligini aytgan edi.
Endilikda Afgʻoniston islom amirligi milliy mudofaa vazirligi Afgʻonistondan olib oʻtilgan samolyot va vertolyotlarni Oʻzbekistonga topshirish haqidagi qaroridan noroziligini bildirmoqda.
“Afgʻon vertolyotlari va samolyotlarining Oʻzbekistondagi taqdiriga oid har qanday kelishuvni qabul qilib boʻlmaydi. Milliy mudofaa vazirligi AQSh afgʻon xalqining mol-mulkini hadya qilishga yoki musodara qilishga haqqi yoʻqligini aniq taʼkidlaydi”, — deya “Tolibon” rasmiylari bayonot berdi deb yozdi Kun.uz nashri.
Taʼkidlanishicha, Afgʻoniston hukumati Oʻzbekistonni bu boradagi kelishuvlardan tiyilishga va hamkorlik qilishga chaqirgan.
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Ilm-fan
Jamiyat
Sport
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q