“Tabiiy fan” va “Tarbiya” fanlaridan kimlar dars berishi mumkin?

Saqlash
22:04 / 27.08.2024 3551 0

Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirining 2024-yil 27-maydagi 168-sonli buyrugʻiga binoan, boshlangʻich sinflarda “Tabiiy fan”, “Tarbiya”, “Informatika va axborot texnologiyalari” fanlaridan kimlar dars berishlari mumkinligi, shuningdek, ularning malaka toifalari qanday boʻlishi kerakligi belgilab berilgan.

 

Jumladan, “Boshlangʻich taʼlim” oʻqituvchilari boshlangʻich sinflarda “Tabiiy fan (Science)”, “Tarbiya” hamda “Informatika va axborot texnologiyalari” fanlari boʻyicha dars oʻtishlari mumkin.

 

Shuningdek, “Geografiya”, “Biologiya” va “Fizika” fanlari oʻqituvchilari 5-6-sinflarga “Tabiiy fan (Science)” fani boʻyicha saboq berish huquqiga ega.

 

“Tarix”, “Milliy istiqlol gʻoyasi va huquq” mutaxassisligiga ega oʻqituvchilarga esa 5-11-sinflarda “Tarbiya” fani boʻyicha dars oʻtishlariga ruxsat berilgan.

 

Bundan tashqari, “Tabiiy fan (Science)”dan dars beradigan “Boshlangʻich taʼlim”, “Geografiya”, “Biologiya” va “Fizika” fanlari oʻqituvchilariga amaldagi malaka toifasiga mos ravishda haq toʻlanadi.

 

Agar 5-11-sinflarda “Tarbiya” fanidan dars beradigan “Tarix”, “Milliy istiqlol gʻoyasi va huquq” mutaxassisligiga ega oʻqituvchilarda “Tarbiya” fanidan malaka toifasi boʻlmasa, ular amaldagi malaka toifasiga mos ravishda haq oladi.

Agar “Tarbiya” fanidan dars oʻtish huquqiga ega boʻlgan oʻqituvchilarda bir vaqtning oʻzida ham “Tarbiya”, ham tegishli fanlardan malaka toifalari boʻlsa va ular “Tarbiya” fanidan dars bersa, bunda faqatgina ushbu fan boʻyicha malaka toifasi tatbiq etiladi va shunga mos ravishda maosh beriladi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//