Aleksandr Lukashenkoning gaplaridan soʻng Belarus elchisi Qozogʻiston TIVga chaqirtirildi

Saqlash
20:56 / 23.08.2024 1421 0

Belarus elchisi Lukashenkoning Qozogʻiston haqida aytgan gaplaridan soʻng Qozogʻiston Tashqi ishlar vazirligiga taklif qilindi, deb xabar berdi Kursiv nashri.

 

Maʼlum boʻlishicha, TIV vaziri Belarus tomonini Ostona pozitsiyasini xolisona baholashga chaqirgan.

 

Nashrning yozishicha, Belarus elchisi Pavel Utyupin Qozogʻiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligiga Prezident Qosim-Jomart Toqayevning tashqi siyosati samaradorligi haqida soʻzlab berish uchun taklif qilingan.

 

Uchrashuv Aleksandr Lukashenkoning Qozogʻiston haqida aytgan gaplari fonida boʻlib oʻtgan.

 

Taʼkidlanishicha, Belarus rahbari oʻz intervyusida postsovet hududidagi baʼzi davlatlar “Rossiyadan nimadir olmoqchi, lekin buning evaziga hech narsa bermayapti” degan.

 

Qozogʻiston Tashqi ishlar vaziri Murat Nurtleu elchi bilan suhbatda Qozogʻiston BMT Nizomi va xalqaro huquqqa muvofiq muvozanatli va tinchliksevar tashqi siyosat olib borayotganini bildirgan.

 

Nashr oʻz xabarida Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko barcha postsovet mamlakatlari “bir qayiqda” ekanligini va vaqt kelishini, “hamma bir Rossiyaga kelib, qoʻllab-quvvatlash va yordam soʻrashini” aytganini yozadi.

 

Lukashenko oʻsha suhbatda “Qozogʻistonda nimalardir roʻy berganida, Xitoy, Hindiston yoki Pokistondan emas, Minsk va Moskvadan yordam soʻraganini iddao qilgan. U Qozogʻistondagi 2022-yil yanvar oyida sodir boʻlgan tartibsizliklarni nazarda tutgan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//