Buxorolik 16 yoshli oʻsmir otasidan himoya qilishni soʻrab Bolalar ombudsmaniga murojaat qildi

Saqlash
15:38 / 23.08.2024 1414 0

Buxoro viloyati Gʻijduvon tumanida yashovchi, voyaga yetmagan fuqaro, 2008-yilda tugʻilgan A.O‘. (oʻgʻil bola) otasidan himoya qilishni soʻrab Bolalar ombudsmaniga murojaat qildi.

 

Bolaning soʻzlariga koʻra, oilada faqat onasi doimiy ishda ishlaydi. Otasi esa rasmiy ish bilan band emas, faqat vaqti-vaqti bilan mavsumiy ishlab, topgan puliga har kuni spirtli ichimlik ichadi va yarim kechasi uyga kelib, janjal qiladi. Oila aʼzolarini haqoratlab, soʻkadi va uradi.

 

Maʼlum boʻlishicha, er xotinini oʻldirish bilan qoʻrqitib, katta oʻgʻlini uydan haydab yuborgan. A.O‘. onasi maishiy zoʻravonlik tufayli himoya orderi olganligini, lekin otasi himoya orderi talablariga rioya qilmayotganligini bildirgan. Bola oʻzini, onasi va akasini otasining ruhiy va jismoniy zoʻravonligidan himoya qilishni soʻragan.

 

Bolalar ombudsmanining Buxoro viloyati ichki ishlar boshqarmasiga yuborgan soʻrovi asosida voyaga yetmagan A.O‘. ning oilasi, yashash sharoiti va bugungi kundagi ahvoli oʻrganilgan.

 

Tekshiruv davomida murojaatdagi vajlar oʻz tasdigʻini topgan.

 

Shundan soʻng, joriy yilning 14-avgust kuni A.O‘. ning onasi Gʻ.D. ga otasi Gʻ.N. tomonidan zoʻravonlik va tazyiq oʻtkazilishining oldini olish maqsadida berilgan himoya orderining talablariga rioya etish nazoratga olingan.

 

Jumladan, Gʻ.N. tuman sudi tomonidan MJtKning 183-moddasi (mayda bezorilik) va 194-moddasi 1 qismi boʻyicha aybdor deb topilgan va unga 15 sutka maʼmuriy qamoq jazosi tayinlangan.

 

Bundan tashqari, A.O‘. ning otasi spirtli ichimlikka ruju qoʻyganligi yuzasidan sud qaroriga asosan majburiy davolanishga joylashtirish boʻyicha hujjatlar rasmiylashtirilgan.

 

Endilikda maʼmuriy qamoq jazosini oʻtab chiqqanidan Gʻ.N.ni majburiy davolanishga joylashtirish choralari koʻriladi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//