“Maymunchechak O‘zbekistonga kirib kelishi ehtimoli juda kam”, – Sanepidqo‘mita

Saqlash
15:48 / 22.08.2024 781 0

Muassasa O‘zbekiston aholisining aksariyat qismida maymunchechakka qarshi jamoaviy immunitet mavjudligini ham ma’lum qildi.

 

Qayd etilishicha, ushbu kasallik respublika hududiga kirib kelishi ehtimoli juda kam. Negaki maymunchechak kasalligi qayd qilinayotgan Yevropa mamlakatlarida bemorlar va ular bilan muloqotda bo‘lganlarni karatinga olish choralari olib borilmoqda, epidemiyaga qarshi amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar esa to‘liq samara beryapti.

 

Qo‘mita xabarida aytilishicha, O‘zbekistonda istiqomat qilayotgan 1980-yildan avval tug‘ilgan katta yoshdagilar chechak (xalq tilida chin chechak) kasalligiga qarshi to‘liq emlangan.

 

“Aynan shu qatlamda jamoaviy immunitet mavjud, boisi chin chechakka qarshi emlashdan keyin hosil bo‘lgan immunitet maymunchechakka qarshi ham ishlaydi va kasallikning keng tarqalish xavfini pasaytiradi”, deyiladi xabarda.

 

JSST Yevropa ittifoqi ma’lumotlariga ko‘ra maymunchechak epidemiyasi COVID-19 pandemiyasi darajasida global muammo tug‘dirmaydi. JSST Yevropa mintaqaviy byurosi direktori Xans Klyuge dunyoning qator mamlakatlarida mpox (maymunchechak) virusi tarqalishi bilan bog‘liq epidemik vaziyat yuzasidan bayonotida vahimaga berilishga hojat yo‘q deb ta’kidladi.

 

“Maymunchechak koronavirus darajasidagi o‘ta jiddiy muammo emas, biz mpox virusi bilan qanday kurashish kerakligini bilamiz”, degan Klyuge.

 

Sanepidqo‘mita kasallik tarqalishini oldini olish maqsadida quyidagilarni tavsiya etdi:

 

maymunchechak kasalligi bo‘yicha epidemiologik noxush davlatlarga safarlarni cheklash;

 

ish yuzasidan xizmat safariga borilgan taqdirda, yovvoyi hayvonlar va kemiruvchilar (maymunlar, kalamushlar) bilan yaqin aloqa o‘rnatmaslik;

 

jamoat joylariga chiqishda shaxsiy gigiyenaga qat’iy rioya qilish;

 

tana harorati ko‘tarilgan yoki toshmalar toshgan yo‘lovchilar bilan birga harakatlanishga to‘g‘ri kelganda imkon qadar sanitariya-muhofaza (ijtimoiy) masofani saqlash, tibbiy niqoblardan foydalanish, qo‘llarga zararsizlantiruvchi vositalar bilan ishlov berish;

 

jamoat transportlarida tibbiy niqoblardan foydalanish, transportdan tushgandan so‘ng qo‘llarni zararsizlantiruvchi vositalar bilan tozalash.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//