Yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish muhokama qilindi

Saqlash
14:44 / 22.08.2024 696 0

Senat qo‘mitasi YHXX’ning yangi rahbari bilan sohadagi muammolar va ularni bartaraf etish yo‘llari bo‘yicha uchrashuv o‘tkazdi.

 

Oliy Majlis Senatining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Qutbiddin Burxonov Ichki ishlar vazirligi Yo‘l harakati xavfsizligi xizmatining yangi boshlig‘i Sherzod Ibragimov bilan uchrashuvda yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash borasidagi muammolar va ularni bartaraf etish bo‘yicha takliflar bildirdi.

 

Senator piyodalar ishtirokidagi yo‘l-transport hodisalarni asosiy muammolardan biri deb atadi. Joriy yilning birinchi yarmida YTHlarning yarmidan ko‘pi yoki 58,5 foizi piyodalar ishtirokida sodir bo‘lgan.

 

Qutbiddin Burxonov YTXlar vaqtida tahlil qilinmayotgani, aholi gavjum joylarda, ayniqsa, bozorlarda piyodalar o‘tish joyiga svetoforlar qo‘yilmayotgani, hokimliklar, mahalliy kengashlar tomonidan zarur choralar ko‘rilmayotgani, shu bilan birga, “aholining yo‘l harakati qoidalarini qo‘pol ravishda buzishi oqibatida yuz berayotgani”ni ta’kidladi.

 

Tahlillarga ko‘ra, piyodalar ishtirokidagi hodisalarning 20 foizi piyodalar o‘tish joylari tashkil etilmagani oqibatida, 19 foizi esa “piyodalar o‘tish joyi mavjud bo‘lsa-da, ular tomonidan ongli ravishda yo‘l harakati qoidalariga bo‘ysunmasdan yo‘lning belgilanmagan joyidan kesib o‘tishlari oqibatida sodir bo‘lgan”, degan Burxonov.

 

Piyodalar ishtirokidagi hodisalarning 13 foizi haydovchilarning tartibga solingan piyodalar o‘tish joyida svetoforning taqiqlovchi ishorasiga qaramay harakatlanishi, 16 foizi tartibga solinmagan piyodalar o‘tish joyida haydovchilarning piyodalarga yo‘l bermasligi oqibatida kelib chiqqan.

 

Senator haydovchilarning tartibga solingan piyodalar o‘tish joyida svetoforning taqiqlovchi ishorasiga bo‘ysunmay harakatlanishini hamda mast holatda avtomashina boshqaruviga o‘tirishini “eng og‘ir” va jazosi muqarrar xatti-harakatlardan bo‘lishi kerakligini ta’kidlagan. U mazkur jarayonlarga alohida e’tibor qaratish kerakligini ta’kidlagan.

 

Xabarda aytilishicha, Senat qo‘mitasi va YHXX tomonidan muammoli holatlarning oldini olish bo‘yicha takliflar ishlab chiqilgan.

 

Xususan, amaldagi qonunchilikka haydovchilik huquqidan mahrum bo‘lgan, biroq yana YTHni sodir etgan shaxslarning mas’uliyatini va javobgarligini kuchaytirishga qaratilgan o‘zgartirishlar kiritish masalasini ko‘rib chiqish rejalashtirilgan.

 

Avvalroq xabar qilinganidek, o‘tgan yili O‘zbekistonda haydovchilik guvohnomasidan mahrum etilgan shaxslar qayta rulga o‘tirib, 707 ta YTH sodir etgan. Ularda 212 nafar shaxs vafot etgan, 546 nafar shaxs jarohatlangan.

 

Bunda haydovchilik huquqidan mahrum bo‘lganlar umumiy haydovchilarning 0,3 foizini tashkil etadi. Ammo ular tomonidan sodir etilgan YTHlar jami yuz bergan avariyalarning 11 foizini tashkil etgan.

 

Takliflar qatorida bolalar ishtirokida sodir bo‘layotgan YTHlarni oldini olish maqsadida umumta’lim maktablarida “Yo‘l harakati xavfsizligi” (Hayotiy faoliyat xavfsizligi) fanini majburiy joriy etish ham bor.

 

Shuningdek, mahalliy hokimliklar tomonidan istirohat bog‘lari hududlarida yo‘l harakati qoidalarini o‘rgatish bo‘yicha barcha sharoitlar yaratilgan maydonchalarni barpo etish, bunda bolalarga yo‘l harakati xavfsizligi asoslarini amaliy hamda ko‘rgazmali tarzda o‘rgatishni yo‘lga qo‘yish ko‘zda tutilgan.

 

Maktablarda “Yo‘l harakati qoidalarini” o‘rgatishga hududlardagi Mudofaaga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti, “Avtomotohavaskorlar” ko‘ngilli jamiyati, “Transkasb” korxonalar uyushmasi avtomaktab o‘qituvchilarini jalb etish orqali o‘qitishni va pedagogika universitetlarida Yo‘l harakati qoidalarini o‘rgatish bo‘yicha pedagog kadrlarni tayyorlashni yo‘lga qo‘yish reja qilingan.

 

Bundan tashqari, xalqaro avtomobil yo‘llari yoqasida joylashgan 214 ta va davlat ahamiyatidagi avtomobil yo‘llari yoqasida joylashgan 1064 ta maktab oldida qoidabuzarliklarni aniqlovchi foto-video qurilmalarni o‘rnatish rejalashtirilgan. Xuddi shu kameralar harakat tig‘iz bo‘lgan bozorlar, savdo yarmarkalari, istirohat bog‘lari atrofida hamda piyodalar o‘tish joylarida ham o‘rnatiladi va amaldagi qonun hujjatlariga o‘zgartirish kiritiladi.

 

Yangi qurilayotgan va loyihalashtirilayotgan avtomobil yo‘llarida harakat qatnov qismida kesib o‘tuvchi piyodalar o‘tish joylari tashkil etishga yo‘l qo‘ymaslik, mazkur obyektlarni yo‘l o‘tkazgich, yer osti yoki yer usti piyodalar o‘tish joyi shaklida tashkil etish taklif etilmoqda. Xabarda gap shaharlararo va xalqaro yo‘llar haqida ketyaptimi yoki shahar ko‘chalari haqidami, aniq emas.

 

Bundan tashqari, Open budjet dasturi asosida avtomobil yo‘llari va ko‘chalarni rekonstruksiya qilish hamda ta’mirlash loyihalari “Yo‘l harakati to‘g‘risida”gi qonun talablari asosida YHXX bilan majburiy tartibda kelishiladi, kelishilmagan loyihalar asosida amalga oshirilayotgan ta’mirlash ishlari qonun talablari asosida to‘xtatiladi.

 

Senat qo‘mitasi va YHXX mavjud amaliyot hamda xorijiy tajribani qiyosiy tahlil qilgan holda mamlakatda haydovchilik madaniyatini shakllantirish, haydovchi va piyodalarda o‘zining va atrofdagilarning xavfsizligi uchun mas’uliyat hissini kuchaytirishga qaratilgan yagona konsepsiyani ishlab chiqish va amaliyotga joriy etishni taklif qilmoqda.

 

“Muloqot so‘nggida YTHlarni kamaytirishga qaratilgan targ‘ibot ishlari kutilgan natijalarni bermayotganini inobatga olib, butun targ‘ibot va tashviqot ishlarini kuchaytirish bo‘yicha tegishli ishlarni” hamkorlikda amalga oshirishga kelishib olindi”, — deyiladi xabarda.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//