Jamiyat
Ijtimoiy tarmoqlarda “Madina shahrida xurmo ekib, savob oling” mazmunidagi haq evaziga koʻchat ekishni vaʼda qilayotgan roliklar tarqalmoqda.
Maʼlum boʻlishicha, videoda Madina shahrida daraxt ekishning ajri katta ekani, yillar davomida savobi yetib turishi targʻib qilinmoqda.
Oʻzbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi mazkur masalani oʻrganib, oʻz munosabatini bildirdi.
Markaz bu oʻrinda avvalo munosabatni asoslash uchun oyat-u hadislardan misollar keltirgan:
“Darhaqiqat, koʻchat ekish savobi ulugʻ amal. Alloh taolo insonga Yer yuzini obod qilishni buyurib: “U sizlarni yerdan paydo qildi va unga sizni obodligi uchun qoʻydi”, deb xitob qiladi (Hud, 61).
Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Qaysi bir musulmon daraxt yo ekin eksa-yu, undan qushmi, insonmi yoki hayvonmi yesa, albatta, shu sababli u uchun sadaqa boʻlur”, deganlar” (Imom Buxoriy rivoyati).
Moʻtabar manbalarda: “Inson namoz oʻqib, roʻza tutib, sadaqa qilib, savobini tirik yoki mayyitga bagʻishlasa boʻladi va savobi ularga yetib boradi…”, deb bayon qilingan. Ushbu oyati karima, hadisi sharif va sharʼiy masalalardan maʼlum boʻladiki, vafot etganlarga atab bogʻ qilish orqali savobini bagʻishlash va koʻchat ekish ajr-u mukofotli amallardandir.
Shubhasiz, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga muhabbatimiz cheksiz, Ul zotning shaharlariga sevgimiz hadsiz, tuproqlari koʻzimizga toʻtiyo. Biroq, hozirgi kunda ayrim hamyurtlarimizning bir necha ming kilometr masofadan turib, Madina shahrida xurmo ekishga buyurtma berishi, ijtimoiy tarmoqlarda keng yoyishi va bu holatni ommalashtirishi dinga ham, mantiqqa ham, sunnatga ham toʻgʻri kelmaydi.
Masalani diniy jihatdan koʻrib chiqadigan boʻlsak, oyat-u hadislarda xayru ehsonni yaqinlardan boshlashga koʻp koʻrsatma kelganiga guvoh boʻlamiz. Qurʼoni karimda: “…Ota-onaga, qarindoshlarga, yetimlarga, miskinlarga, yaqin qoʻshnilarga, yon qoʻshnilarga, yonboshdagi sohiblarga, koʻchada qolganlarga va qoʻlingizda mulk boʻlganlarga yaxshilik qilinglar…” (Niso, 36), deb koʻrsatma berilgan.
Muhammad sollallohu alayhi vasallam bir sahobaga: “(Yaxshilikni) oʻzingdan boshla va (avvalo oʻzingga) sadaqa qil, agar undan biror narsa ortib qolgan boʻlsa, ahlingga (ber). Agar ahlingdan biror narsa ortib qolgan boʻlsa, qarindoshlaringga ber. Agar qarindoshlaringdan biror narsa ortib qolsa, mana bu va mana bularga ber”, dedilar (Imom Muslim rivoyati)“.
Fatvo markazi koʻchat ekishdek xayrli ishlarni eng avval kishi oʻz uyi atrofidan boshlashi, yanada himmatlilar boʻlsa, Orol dengizi atrofini obod qilish zarurligini taʼkidlagan.
“Xulosa, bayon etilgan oyat-u hadislarga binoan yurtdoshlarimizga avvalo oʻzlari yashab turgan uy-joyni obod qilishlari, yaxshi niyatlar ila yon-atrofga mevali va manzarali daraxtlar ekishlari eng savobli amaldir”, deb yoziladi Oʻzbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi munosabatida.
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Ilm-fan
Jamiyat
Sport
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q