Prezident Qoraqalpogʻistondagi bir qator yirik loyihalar qurilishiga start berdi

Saqlash
22:24 / 19.08.2024 874 0

Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpogʻiston Respublikasida shamol elektr stansiyalari va sanoat korxonalari qurilishi boshlanishi hamda savdo majmualari ishga tushirilishida ishtirok etdi.

 

Prezident matbuot xizmatining xabariga koʻra, soʻnggi besh yilda hududdagi sanoat, tadbirkorlik va infratuzilma sohalarida 50 dan ortiq imtiyoz va yengilliklar berilgan. Jumladan, investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun toʻgʻridan-toʻgʻri yer ajratish huquqi faqat Qoraqalpogʻistonda joriy qilingan boʻlib, qiymati 50 milliard soʻmdan yuqori loyihalarga infratuzilma ham tortib berilmoqda.

 

Aynan mazkur imtiyozlar natijasida oʻtgan davr mobaynida 2 trillion soʻmdan ziyod mablagʻ tadbirkorlar ixtiyorida qolgan.

 

Taʼkidlanishicha, hududda ishbilarmonlik infratuzilmasini yaxshilash uchun 44,5 trillion soʻm mablagʻ yoʻnaltirilgan. Natijada oxirgi yillarda 25 mingdan ortiq yangi tadbirkorlik subyekti paydo boʻlgan.

 

Xabarda yozilishicha, Qoraqalpogʻistonda chet el kapitali bilan tashkil etilgan korxonalar soni ham koʻpayib bormoqda. Xususan, bugungi kunda xorijiy va qoʻshma korxonalarning soni 175 taga yetgan(taqqoslash uchun, 2017-yilda – 73 ta).

 

Hozirda hudud iqtisodiyotiga turtki beruvchi qariyb 9,5 milliard dollarlik 120 dan ortiq yangi yirik loyihalar amalga oshirilmoqda. Ushbu loyihalar 2025–2028-yillarda bosqichma bosqich ishga tushiriladi.

 

Buning natijasida 20 mingdan ortiq yangi ish oʻrni yaratiladi. Shuningdek, 12 trillion soʻmlik ishlab chiqarish quvvati yuzaga keladi va bu byudjetga 500 milliard soʻm qoʻshimcha ulush olib keladi.

 

Yigʻilishda qurilishi boshlanayotgan va ishga tushirilayotgan majmualar va ularning mamlakat iqtisodiy oʻsish surʼatlarida tutadigan oʻrni haqida ham soʻz bordi.

 

Xabarda keltirilishicha, 2030-yilga qadar Qoraqalpogʻistonda 11 milliard dollar miqdoridagi toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiya hisobiga jami 10,3 gigavatt quvvatga ega 10 ta yirik shamol elektr stansiyasi qurilishi rejalashtirilgan. Mazkur loyihalar toʻliq ishga tushirilsa, yiliga 35 milliard kilovatt soat “yashil” energiya olinadi.

 

Shu bilan birga, quvvat uzatishda barqarorlikni taʼminlash uchun Qoʻngʻirot, Beruniy va Qoraoʻzak tumanlarida jami 400 megavattli 3 ta elektr energiyasini saqlash tizimi ham barpo etiladi. Bugun ushbu loyihalarning bir nechtasi boʻyicha qurilish ishlari allaqachon boshlanmoqda.

 

Bular:

▪️ Xitoyning “Sany Renewable” kompaniyasi tomonidan quriladigan qiymati 1 milliard 200 million dollarlik 1 gigavatt quvvatli shamol elektr stansiyasi – Qoʻngʻirot tumanida;

▪️ Saudiya Arabistonining “ACWA Power” kompaniyasi bilan hamkorlikda tashkil etiladigan qiymati 250 million dollarlik 100 megavatt elektr energiyasini saqlash tizimiga ega 200 megavatt quvvatli shamol elektr stansiyasi – Beruniy va Qoraoʻzak tumanlarida.

 

Kelgusida ularda yiliga 4 milliard 200 million kilovatt soat yoki 1 million 750 ming xonadonning bir yillik isteʼmoliga teng “yashil” energiya ishlab chiqariladi. Bu esa qariyb 1,3 milliard metr kub tabiiy gaz tejalishi va atmosfera zararlanishini qariyb 2 million tonnaga qisqarishiga yordam beradi.

 

Bundan tashqari, Qoʻngʻirot tumanida shamol turbinasi qismlari, minoralari va parraklarini ishlab chiqarish boʻyicha korxonalar qurilishi ham boshlanmoqda.

 

Nukus tumanida esa 24 million dollar investitsiya hisobiga yiliga 20 million dona isitish radiatorlari ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyiladi.

 

Ayni kunlarda sanoat, qishloq xoʻjaligi, turizm va xizmat koʻrsatish sohalarida ham 62 million dollarlik 12 ta loyiha ishga tushirilmoqda. Aynan 19-avgust kuni prezident rahbarligidan oʻtgan ochilish marosimida ulardan ikkitasi – Beruniy tumani va Nukus shahridagi yirik savdo majmualari rasman ochildi.

 

Shavkat Mirziyoyev ramziy tugmani bosib, yangi inshootlarning qurilishi va faoliyatini boshlab berdi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//