Endi ichimlik suvidan qarzi bor fuqarolarga kredit berilmasligi mumkin

Saqlash
21:16 / 19.08.2024 862 0

Ichimlik suvidan qarzdor isteʼmolchilarga kredit bermaslik taklifi ishlab chiqilmoqda, deya xabar berdi Gazeta.uz.

 

Nashrning yozishicha, Oʻzbekistonda isteʼmolchilarning ichimlik suvi va kanalizatsiya xizmatlaridan qarzdorligi salkam 1 trln soʻmni tashkil etmoqda.

 

“Oʻzsuvtaʼminot” boshqarma boshligʻi Sultonxoʻja Dadaboyev mazkur qarzdorlikning 715,2 mlrd soʻmi jismoniy shaxslar, salkam 250 mlrd soʻm esa yuridik isteʼmolchilarga toʻgʻri kelishini maʼlum qilgan.

 

“Jami isteʼmolchi aholi, yaʼni xonadonlar 5 millionta boʻlsa, shundan 2 mln 408 mingtasi, yaʼni 50 foizga yaqin isteʼmolchida qarzdorlik mavjud”, — degan “Oʻzsuvtaʼminot” boshqarma boshligʻi matbuot anjumani davomida.

 

“Oʻzsuvtaʼminot” AJ boʻlim boshligʻi Shahboz Sarmanovning soʻzlariga koʻra, endilikda ichimlik suvidan qarzdor isteʼmolchilarga kredit bermaslik tizimi ishlab chiqilmoqda.

 

“Bugungi kunda kredit tashkilotlari, yaʼni banklar bilan integratsiya jarayoni yoʻlga qoʻyilish arafasida. Ichimlik suvi va kanalizatsiya xizmatlaridan qarzi bor isteʼmolchiga qarzdorlik bartaraf etilmagunicha har qanday turdagi kreditni bermaslik taklifi ishlab chiqilmoqda. Agar isteʼmolchining nomida uy boʻlmasa-da, lekin u roʻyxatda turadigan xonadon suv taʼminoti tizimidan qarzdor boʻlsa ham, kredit berilmaydi. Ayni paytda ushbu tartibni yoʻlga qoʻyish ustida ishlar olib borilyapti” deya “Oʻzsuvtaʼminot” AJ boʻlim boshligʻining soʻzlarini keltiradi Gazeta.uz.

 

Shuningdek, Shahboz Sarmanov hozirda qarzdor isteʼmolchilardan qarzini undirishni gaz va elektr energiyasi tizimlari bilan bogʻlash varianti ham koʻrib chiqilayotgani, bu masala chuqurroq tahlil qilinib, keyinroq aniq bir qarorga kelinishini qoʻshimcha qilgan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//