Siyosat
Tashkilot xabariga ko‘ra, Markaziy Osiyoning Qozog‘istondan tashqari barcha mamlakatlarida 2015-2021 yillarda nogironligi bo‘lgan bolalarning internat muassasalaridagi ulushi o‘sgan. YUNISEF yirik internat muassasalarini yopish va oilaga asoslangan muqobil sharoitlarni yaratishga ko‘mak beradigan yettita tavsiyalarni taklif qilgan.
YUNICEF tomonidan eʼlon qilingan yangi siyosiy sharhga ko‘ra, oilalarning ajralishi va bolalarni internat turidagi muassasaga joylashtirishning barchaga maʼlum bo‘lgan salbiy taʼsiriga qaramay, Markaziy Osiyoning beshta davlatida 0-17 yoshdagi 60 000 ga yaqin bolalar internat muassasalarida qolmoqda.
“Biz bilamizki, institutsionalizatsiyaning bolalarga taʼsiri og‘ir va umr bo‘yi davom etishi mumkin, shu bois oilani qo‘llab-quvvatlash xizmatlariga ko‘proq sarmoya kiritish zarur bo‘ladi,” – degan Rejina De Dominichis, UNICEFning Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlari bo‘yicha mintaqaviy direktori.
“So‘nggi yillarda muqobil parvarishda bo‘lgan bolalar soni kamayishi hamda muassasalar yopilishi borasidagi progressning guvohi bo‘ldik. Bu ishni davom ettirishimiz kerak, shunda hech bir bola kambag‘allik, nogironlik yoki xulq-atvori og‘ir bo‘lganligi sababli yoki oilasi o‘z farzandini uyda tarbiya qilish uchun zarur bo‘lgan xizmatlardan foydalanish imkoniga ega bo‘lmagani uchun muqobil muassasaga joylashtirilmaydi”.
Markaziy Osiyoda oila aʼzolari bilan birga bo‘lish ko‘rsatkichga ko‘ra, har 100 000 boladan taxminan 203 tasi internat turidagi muassasalarda yashaydi, bu esa dunyo miqyosidagi ko‘rsatkichdan deyarli ikki baravar ko‘p – o‘rtacha 100 000 bolaga 105 ta.
Markaziy Osiyodagi muassasalarda bolalarning umumiy sonini kamaytirish bo‘yicha erishilgan yutuqlarga qaramay, nogironligi bo‘lgan bolalar internat turidagi muassasalardagilarning katta qismini tashkil etadi. Markaziy Osiyoning Qozog‘istondan tashqari barcha mamlakatlarida 2015-2021 yillarda nogironligi bo‘lgan bolalarning internat muassasalaridagi ulushi o‘sdi, bu esa ijtimoiy meʼyorlar chuqur ildiz otganidan hamda hamjamiyatga asoslangan xizmatlar cheklanganidan dalolat beradi.
Siyosiy sharhda aytilishicha, internat turidagi muassasalarda bo‘lgan bolalar ulushi mamlakatdagi bolalarni himoya qilish tizimining qay darajada samarali ekanini aks ettirishi mumkin. Bu boradagi yuqori ko‘rsatkich oila birligini saqlay olmaydigan tizimdan dalolat beradi.
Internat muassasalarda voyaga yetayotgan bolalar miyaning sog‘lom rivojlanishi uchun muhim bo‘lgan ijtimoiy, hissiy va intellektual rag‘batlantirishdan mahrum. Jamiyatning asosiy qismidan uzoq bo‘lgan internat muassasalaridagi bolalar zo‘ravonlik, beparvolik va shafqatsizlik oldida himoyasizdirlar.
UNICEF Markaziy Osiyoda yirik internat muassasalarini yopish va oilaga asoslangan muqobil sharoitlarni yaratishga ko‘mak beradigan yettita tavsiyalarni taklif qiladi:
Birinchi. Imkon qadar bolalarni oilalarida qoldirish maqsadida islohotlarni o‘tkazish uchun bolalarga g‘amxo‘rlik qilish bo‘yicha samarali islohotlarni amalga oshirish, jumladan, yirik internat muassasalarini yopishni rejalashtirish hamda bolalar va oilalarni qo‘llab-quvvatlash va himoya qilish xizmatlarining yaxlit tizimini barpo etish.
Ikkinchi. Bolalar va oilalarni qo‘llab-quvvatlash xizmatlariga, xususan, bolalar oilalaridan ajralish xavfi bo‘lgan vaziyatlarni erta aniqlash va tegishli choralarni ko‘rish maqsadida ijtimoiy xizmat sohasidagi malakali xodimlar shtatini shakllantirishga sarmoya kiritish.
Uchinchi. Oilaga asoslangan muqobil parvarishni ta’minlash, jumladan, bolalarga g‘amxo‘rlik qilayotgan oilaning katta yoshdagi a’zolarini ko‘proq qo‘llab-quvvatlash hamda imkon qadar aka-uka, opa-singillarni bir-biridan ajratmaslikka imkon beradigan strategiyalarni tatbiq etish.
To‘rtinchi. Ishonchli strategiyalar va amaliy himoya metodlari orqali muqobil parvarish muassasalarida bo‘lgan bolalarni zo‘ravonlik, beparvolik va shafqatsiz munosabatdan himoya qilishni ta’minlash.
Beshinchi. Oiladan ajratish ehtimoli bo‘lgan, muqobil parvarish muassasalarida yashayotgan yoki vasiylikdan chiqqan bolalar to‘g‘risidagi ma’lumotlar hajmini ko‘paytirish va sifatini yaxshilashga sarmoya kiritish.
Oltinchi. Oila yaxlitligini qo‘llab-quvvatlashning afzalliklari hamda bolaning aynan oiladagi parvarishiga ustuvor darajada e’tibor berish zarurligi to‘g‘risida jamoatchilikning xabardorligini oshirish.
Yettinchi. Bolalarga tegishli bo‘lgan qarorlarni qabul qilishda ularning ovozlarini eshitishga bo‘lgan huquqlarini ta’minlash hamda bolalarning ehtiyojlari va huquqlarini qondirishga qaratilgan yangi strategiyalar va amaliy choralarni ishlab chiqishda ularning fikrlarini e’tiborga olish.
Qayd etilishicha, oilalar yaxlitligini saqlashga yordam berish hamda oila va hamjamiyatga asoslangan parvarishlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida YUNISEF Markaziy Osiyodagi hukumatlar va hamkorlar bilan birga ish olib boradi. Deinstitutsionalizatsiya strategiyalari va dasturlarini ishlab chiqish va ularni amalga oshirish, bolalarni o‘z oilalaridan ajratishning oldini olish uchun himoya va oilani qo‘llab-quvvatlash xizmatlarini kengaytirish, oila va jamiyat asosidagi g‘amxo‘rlikka, oilalarni birlashtirish va ularning reintegratsiyasiga hamda bolalarning mustaqil hayotga xavfsiz o‘tishiga ko‘mak berish shular jumlasiga kiradi.
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Ilm-fan
Jamiyat
Sport
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q