Jamiyat
Tabiiy pishgan tarvuz chertib koʻrilganda jarangdor ovoz chiqib, uning poʻstini osongina tirnash mumkin. Azotli oʻgʻit bilan toʻyingan tarvuz suv ostiga choʻkadi.
Sogʻliqni saqlash vazirligi poliz mahsulotlarni toʻgʻri tanlash va ulardan zaharlanmaslik uchun nima qilish lozimligi boʻyicha tavsiyalar berdi.
Poliz mahsulotlari — yozning issiq kunlarida eng koʻp isteʼmol qilinadigan noz-neʼmatlardan. Sababi ular foydali xususiyatlarga ega va yengil hazm boʻladi. Shunga qaramay, qovun va tarvuzlar yetarli darajada pishmagan yoki ularni yetishtirishda kimyoviy oʻgʻitlardan koʻp foydalanilgan boʻlsa, bu salomatlik uchun jiddiy xavf tugʻdirishi mumkin.
Vazirlik dorilangan poliz mahsulotlari nimasi bilan xavfliligi, ulardan zaharlanmaslik uchun nimalarga eʼtibor qaratish lozimgi haqida maʼlumot berdi.
Tarvuz tarkibida organizm uchun foydali boʻlgan mineral va vitaminlar koʻp, — deydi Respublika epidemiologiya, mikrobiologiya, yuqumli va parazitar kasalliklar ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori Botir Tojiyev. — Ushbu rezavor 92 foiz suvdan iborat boʻlib, nafaqat chanqoqni qondiradi, balki salomatlik uchun ham juda foydali. Xususan, tarvuzdagi kaliy va magniy asab tizimi hamda miya faoliyatiga ijobiy taʼsir etadi.
Undagi likopin, A, V, C kabi darmondorilar hamda kartonoid yalligʻlanish va erta qarishning oldini oladi. Shuningdek, bu mahsulot yurak-qon tomir tizimi faoliyatini yaxshilab, qon bosimini pasaytiradi va xolesterin darajasini nazorat qiladi.
Biroq tarvuz isteʼmol qilishda ehtiyotkorlikni unutmaslik lozim. Xususan, ushbu poliz ekinini sotib olayotgan payt uning butunligi, chirimagani va kimyoviy oʻgʻitlar bilan meʼyordan ortiq toʻyintirilmaganiga eʼtibor qaratish kerak.
Tarkibida nitrat moddasi koʻp boʻlgan tarvuz isteʼmol qilingada uning noxush belgilari 4-6 soat ichida paydo boʻladi.
Bunday holatda koʻngil aynishi, qusish, ich ketishi, qorin va bosh ogʻrigʻi, tana haroratining 38-39 darajagacha koʻtarilishi, qon bosimining pasayishi, yurak urishining sekinlashishi hamda qoʻl-oyoqlar sovqotishi, teri rangi oʻzgarishi (koʻkarish) kabi alomatlar kuzatilishi mumkin.
Bu noxush holatdan oʻzimiz va yaqinlarimizni himoya qilish uchun ayrim jihatlarga eʼtibor qaratish maqsadga muvofiq.
Xususan, tarvuz yoki qovun xarid qilayotganda, eng avvalo, sotuvchidan mahsulot manbai, uning sifati va xavfsizligini tasdiqlovchi tegishli ruxsatnomani talab qilish lozim. Shu bilan birga, mahsulotlarning buzilmaganiga ishonch hosil qilish zarur. Tabiiy pishgan tarvuz chertib koʻrilganda jarangdor ovoz chiqib, uning poʻstini osongina tirnash mumkin. Agar mahsulotning bandi qurigan boʻlsa, bu uning yaxshi pishganidan dalolat.
Tarvuz holatining yana bir muhim koʻrsatkichi qizil qismidagi tomirlar rangidir. Agar ular sariq yoki binafsha tusda boʻlsa, bunday mahsulotdan ehtiyot boʻlish lozim. Chunki u toʻliq pishmagan yoki nitratning taʼsiri boʻlishi mumkin. Qolaversa, tarvuz ustidagi chiziqlar aniq va bir-biri bilan aralashib ketmagan boʻlishi kerak. Xiralashgan chiziqlar uning nitrat bilan toʻyinganidan dalolat.
Azotli oʻgʻit bilan toʻyingan tarvuz suv ostiga choʻkadi. Agar boʻlaklanganda qiyshiq emas, toʻgʻri kesilsa, bu holat ham uning kimyoviy moddalarga toʻyinganligining belgisidir.
Shu bilan birga, tarvuz isteʼmol qilgandan keyin toza boʻlmagan suv ichish, ovqatlanishdan oldin qoʻllar va mahsulotni yuvmaslik, poliz ekinlarini notoʻgʻri saqlash zaharlanish xavfini oshiradi.
Poliz ekinlarini kesilgandan keyin sovitkichda 2-3 soatdan koʻp boʻlmagan muddatda saqlash kerak.
Bundan tashqari, bolalar, ayniqsa emizikli goʻdaklarda rezavorlar isteʼmolini cheklash tavsiya etiladi.
Agar zaharlanish belgilari paydo boʻlsa, darhol shifokorga murojaat qilish lozim. Bu holatga yuzaki qarash mumkin emas, oʻzini oʻzi davolash qatʼiyan man etiladi.
Jamiyat
Ilm-fan
Jamiyat
Sport
Jamiyat
Jahon
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q