Senat huquq-tartibot xodimlarini obro‘sizlantirish moddasi mavjud bo‘lgan qonunni ko‘rib chiqadi

Saqlash
09:53 / 15.08.2024 1047 0

Oliy Majlis Senatining 55-yalpi majlisi bugun, 15-avgust kuni chaqiriladi. Unda huquq-tartibot idoralari xodimlari faoliyatiga oid tasvirlarni “obro‘sizlantirish maqsadida” tarqatganlik uchun jazoni nazarda tutuvchi o‘zgartirish ham ko‘rib chiqiladi.

 

Videokonferensaloqa tizimidan foydalangan holda o‘tkaziladigan yalpi majlisda qator masalalarni muhokama qilish nazarda tutilgan.

 

“O‘zbekiston Respublikasining Tadbirkorlik kodeksini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qonun, “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonun, “Yo‘l harakati xavfsizligi tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodekslariga hamda O‘zbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi hamda “Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunlar shular jumlasidan.

 

Shuningdek, kun tartibidan “Ijtimoiy xizmatlar va yordam ko‘rsatish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun, bir qator xalqaro hujjatlarga qo‘shilish va Xalqaro mehnat tashkilotining konvensiyasini ratifikatsiya qilish to‘g‘risidagi qonunlar ham o‘rin olgan.

 

Navbatdagi yalpi majlisda O‘zbekiston uchun ustuvor bo‘lgan xalqaro reyting va indekslar ro‘yxatini tasdiqlash masalasini ko‘rib chiqish, Suv xo‘jaligi vazirligining suv resurslaridan oqilona va samarali foydalanish, sohaning boshqarish mexanizmlarini hamda qonunchilik bazasini takomillashtirishga doir chora-tadbirlar ijrosi bo‘yicha axborotini eshitish ham rejalashtirilmoqda.

 

Majlis kun tartibidan “Yo‘l harakati xavfsizligi tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodekslariga hamda O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi qonun ham o‘rin olgan.

 

Qonunchilik palatasi bu hujjatni 2023-yil 28-noyabr kuni qabul qilgan. Senat bu hujjatni haligacha ko‘rib chiqmagandi.

 

Yalpi majlisda Oliy Majlis Senati kengashining qarorlarini tasdiqlash masalasi ham ko‘rib chiqiladi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//