Jamiyat
Ijtimoiy tarmoqlarda Namangan viloyati Chortoq tumanida kesarcha kesish amaliyoti oʻtkazilgan ayol qornida tibbiy doka va rezina qoʻlqop qolib ketgani haqida xabarlar tarqaldi.
Maʼlum boʻlishicha, shu yilning 11-may kuni, soat taxminan 09:00 larda Chortoq tumani, “Alixon” MFYda istiqomat qiluvchi 33 yoshli fuqaro B.U. tuman tibbiyot birlashmasi tugʻruq boʻlimiga tibbiy koʻrikdan oʻtish maqsadida kelgan.
Oʻtkazilgan dastlabki tibbiy tekshiruvlardan soʻng ayolga “3-Homiladorlik. 39-hafta, 3 kun. Bachadon chandigʻi. Kamqonlik oʻrta darajasi. AAA (2 marta kesar kesish)” tashxisi qoʻyilib, tugʻruqxonaga yotqizilgan.
Shundan soʻng bemorning holati haqida Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Namangan viloyat filialiga xabar berilib, davolash jarayonlari uchun mazkur muassasadan mutaxassis chaqirtirilgan.
Oʻsha kuni, soat taxminan 15:40 larda tibbiy koʻrsatmaga muvofiq B.U.da filial ginekologiya boʻlimi mudiri, tibbiyot fanlari doktori T.Abdukarimov va tugʻuruqxona boʻlimi mudiri X.Abidova tomonidan kesarcha kesish amaliyoti bajarilgan.
“Jarrohlik jarayoni sanitariya qoidalariga toʻliq rioya qilingan holda va tegishli standartlar asosida amalga oshirilgan”, deyiladi SSV rasmiy munosabatida.
Operatsiya davomida B.U.ning roziligi bilan IJK (ixtiyoriy jarrohlik kontratsepsiyasi) qilingan. Amaliyot asoratsiz oʻtgan, biroq ayolning homilasi bakterial va virusli infeksiya tufayli antenatal davrda vafot etgan. Anamneziga koʻra, bemor homiladorlik davrida kamsuvlik, 2-3 marta OʻRVI va oʻtkir siydik yoʻllari infeksiyasiga qarshi davolangan.
“Murdani oila aʼzolari sud-tibbiy ekspertizasidan oʻtkazishni yozma ravishda rad etganligi sababli tugʻuruqxona mudirasi tomonidan uyiga berib yuborilgan. Shu bois, mazkur holat yuzasidan tugʻuruqxona boʻlimi mudiri X.Abidovaga nisbatan intizomiy jazo chorasi qoʻllanildi”, deyiladi munosabatda.
Xabarga koʻra, jarrohlikdan soʻng bemorning bachadoni doim toza boʻlgan (bir necha marta UTT tekshiruvi oʻtkazilgan) va tugʻruqdan keyingi 31-kunda normal hayz sikli boshlangan. Undan keyingi 10-kunda ayol oʻtkir zamburugʻli kolpit bilan uy sharoitida mustaqil davolangan, yaʼni oʻzboshimchalik bilan zamburugʻga qarshi tibbiy shamchalar va doka tampondan foydalangan.
Soʻnggi oylarda bemor sogʻligining yomonlashishiga aynan oʻtkir zamburugʻli kolpit bilan kasallanishi, siydik yoʻllari infeksiyasining takrorlanishi va laktatsiya qaytalanishi birgalikda kechgani sabab boʻlgan.
Xabarga koʻra, ishchi guruh tomonidan ijtimoiy tarmoqlarda ayol qornida tibbiy doka va rezina qoʻlqop qolib ketgani haqida tarqalgan xabarlar mutlaqo asossiz ekani haqida xulosa berilgan.
“Faqat ayolning qinidan (qorni yoki bachadonidan emas) mustaqil davolanishda ishlatilgan tibbiy shamcha va tampon qoldiqlari tushgan. Fuqaro tomonidan olingan suratda aynan ushbu vositalarning qoldiqlari (ishchi guruhga taqdim etilgan) aks etgan”, deb yoziladi munosabatda.
Ishchi guruh tomonidan oʻtkazilgan soʻnggi tibbiy koʻrik (akusherlik, umumiy va UTT tekshiruvi) natijasiga koʻra, ayolning umumiy holati ayni paytda qoniqarli ekani maʼlum boʻlgan.
Siyosat
Madaniyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jahon
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q