Yangi oʻquv yilidan boshlab oʻqituvchilar uchun maktablarda kasbiy rivojlanish tadbirlari oʻtkaziladi

Saqlash
22:55 / 12.08.2024 859 0

2024-2025-oʻquv yilidan boshlab umumiy oʻrta taʼlim muassasalari oʻqituvchilari uchun fanlar kesimida “Kasbiy rivojlanish kuni” va “Kasbiy rivojlantirish soati” tadbirlari bosqichma-bosqich joriy etiladi.

 

Jumladan:

🔲 Dushanba kuni — Ijtimoiy fanlar (tarix, davlat va huquq asoslari, tarbiya) oʻqituvchilari uchun;

 

🔲 Seshanba kuni — Filologiya fanlari (ona tili va adabiyot, oʻzbek tili/rus tili) oʻqituvchilari uchun;

 

🔲 Chorshanba kuni — Tabiiy fanlar (fizika va astronomiya, kimyo, biologiya, geografiya va iqtisodiyot, tabiiy fan — Science) oʻqituvchilari uchun;

 

🔲 Payshanba kuni — Aniq fanlar (matematika, informatika va axborot texnologiyalari) oʻqituvchilari uchun;

 

🔲 Juma kuni — Xorijiy tillar oʻqituvchilari uchun;

 

🔲 Shanba kuni — Amaliy fanlar (tasviriy sanʼat, chizmachilik, musiqa madaniyati, texnologiya, jismoniy tarbiya, chaqiruvga qadar boshlangʻich tayyorgarlik) va boshlangʻich taʼlim oʻqituvchilari uchun “Kasbiy rivojlanish kuni” va “Kasbiy rivojlantirish soati” tadbirlari tashkil etiladi.

 

Ushbu tadbirlarda mentor-oʻqituvchi sifatida faoliyat yuritadigan fan oʻqituvchilariga asosiy ish joyi boʻlgan umumiy oʻrta taʼlim muassasasi direktor jamgʻarmasi hisobidan lavozim maoshining 20 foizi miqdorida qoʻshimcha har oylik ustama haq toʻlanadi.

 

“Kasbiy rivojlanish kuni” tadbirlariga fanlar kesimida umumiy oʻrta taʼlim muassasalarining yetakchi oʻqituvchilari jalb qilinadi.

 

Kasbiy rivojlanish kunlari tegishli fan oʻqituvchilari uchun asosan kasbiy rivojlantirish tadbirlarida ishtirok etadigan ish kuni hisoblanadi.

 

“Kasbiy rivojlanish kuni” va “Kasbiy rivojlantirish soati” tadbirlari oʻtkaziladigan vaqtda tegishli fan oʻqituvchilari maktablardagi dars mashgʻulotlari va boshqa tadbirlarga jalb qilinmaydi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//