Raqobat qoʻmitasi Tok Bor kompaniyasini ustun mavqega ega deb topdi

Saqlash
18:58 / 08.08.2024 1673 0

Raqobat qoʻmitasi raisi Halilillo Toʻraxoʻjayevning 5-avgustdagi buyrugʻi bilan Tok Bor kompaniyasi ustun mavqega ega korxona deb eʼtirof etildi.

 

Hujjatda qayd etilishicha “Tok bor” MCHJning elektromobillar va gibrid avtomobil vositalarini quvvatlash xizmatlarini koʻrsatish boʻyicha bozordagi ulushi 40 foizdan ortiqni tashkil etgan.

 

Iqtisodiy konsentratsiya va iqtisodiyotda davlat ishtirokini nazorat qilish boshqarmasiga uch kunlik muddatda “Tok bor” MCHJga tegishli xabarnoma yuborish topshirildi.

 

Maʼlumot uchun, ustun mavqe — bu tovar yoki moliya bozorida xoʻjalik yurituvchi subyektning yoxud shaxslar guruhining raqobatlashuvchi xoʻjalik yurituvchi subyektlarga bogʻliq boʻlmagan holda unga oʻz faoliyatini amalga oshirish va raqobatning holatiga hal qiluvchi taʼsir koʻrsatish, tegishli bozorga boshqa xoʻjalik yurituvchi subyektlarning kirishini qiyinlashtirish yoxud ularning iqtisodiy faoliyat erkinligini boshqacha tarzda cheklash imkoniyatini beradigan holat. Agar kompaniya yoki shaxslar guruhining bozor ulushi 40 foiz yoki undan yuqori boʻlsa, shuningdek, boshqa hollarda mahsulot yoki moliya bozoridagi ustun mavqe tan olinadi.

 

Hozirda ustun mavqega ega boʻlgan kompaniya mahsulot yoki moliya bozorida ustun mavqega ega boʻlgan xoʻjalik yurituvchi subyektlarning davlat reyestriga kiritilishi kerak.

 

Reyestrga kiritilgan korxonalar monopoliyaga qarshi yuqori yoki monopolistik past narxlardan foydalanishga yoʻl qoʻymaslik boʻyicha harakatlarini nazorat qilish maqsadida har chorakda monopoliyaga qarshi organga oʻzi reyestrga kiritgan xizmatlar turiga qoʻllaniladigan narxlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni taqdim etadi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//