UzAirways'ga tegishli samolyot doʻl sabab shikastlandi

Saqlash
21:15 / 06.08.2024 623 0

Foto: Kun.uz

 

UzAirways'ga tegishli boʻlgan Airbus A320 havo kemasi anomal meteorologik hodisa (doʻl) sabab shikastlandi.

 

Maʼlum boʻlishicha, samolyot 3-avgust kuni “Krasnoyarsk-Toshkent” yoʻnalishida Rossiya va Qozogʻiston chegarasi boʻylab 11 000 metr balandlikda parvoz qilayotib, ushbu hodisaga duch kelgan.

 

Natijada, parvoz kemasining oldi oynalariga zarar yetgan.

 

Ekipaj belgilangan protseduralarni amalga oshirganidan soʻng, parvozni davom ettirishga qaror qilingan.

 

Toshkentga qoʻnish esa jadvalga muvofiq amalga oshirilgan.

 

Parvozdan keyingi tekshiruvda, shuningdek, meteolokator burun konusining (kok) shikastlanishi aniqlangan.

 

Maʼlumot uchun, havo kemasi bortida 174 nafar yoʻlovchi va 6 nafar ekipaj aʼzosi boʻlgan.

 

“Uzbekistan Airways” xabariga koʻra, hozirgi vaqtda havo kemasining shikastlangan qismini taʼmirlash ishlari olib borilmoqda. Yaqin kunlarda u muntazam ravishda parvozlarni amalga oshirishni boshlaydi.

 

“Ushbu hodisa parvozlarni davom ettirish uchun tahdid yoki jiddiy muammo tugʻdirmaydi. “Uzbekistan Airways” AJ Axborot xizmati aviakompaniya uchun yoʻlovchilar xavfsizligi yuqori oʻrinda turishini eslatib oʻtadi”, deyiladi xabarda.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//