Doniyor Gʻaniyev deputatlikdan ketdi

Saqlash
15:25 / 06.08.2024 442 0

Doniyor Gʻaniyev Qonunchilik palatasidagi deputatlik faoliyatini yakunladi. U endilikda ijro hokimiyatida investitsiya yoʻnalishida faoliyat yuritadi. Bu haqida deputatning oʻzi maʼlum qildi.

 

“Saylovchilar bildirgan ishonchni oqlash, ularning dard-u tashvishlarini, muammo va xohishlarini Parlament minbariga olib chiqish, qabul qilingan qonunlarni adolatli va insonparvar boʻlishiga hissa qoʻshish, murojaat qilgan fuqarolarga yordam bera olish imkoniyati men uchun deputatlikning eng katta sharafi boʻldi. Bunday imkoniyat va baxt menga nasib qilganidan har doim faxrlanaman”, deydi Gʻaniyev.

 

Deputat oʻz faoliyati davomida vijdoniga qarshi bormaslikka, prinsiplariga sodiq qolishga qoʻlidan kelgancha harakat qilganini taʼkidlaydi.

 

“Albatta, deputatlik faoliyatimga eng munosib bahoni saylovchilar beradi. Balki, menga ovoz bergan saylovchilarning ishonchini har doim ham oqlay olmagandirman. Biroq, vijdonimga qarshi bormaslikka, prinsiplarimga sodiq qolishga qoʻlimdan kelgancha harakat qildim. Insonlar ogʻirini yengil qilishga xizmat qiluvchi ijobiy normalarni qoʻllab-quvvatlashdan, fuqarolar manfaati va huquqlariga zid deb bilgan qonunlarga esa qarshi turishdan ikkilanmadim”, deydi u.

 

Gʻaniyevning yozishicha, deputat sifatida samarali faoliyat olib borgan boʻlsa-da, bu faoliyatda davom etish oʻzi uchun ham, saylovchilar uchun ham manfaatli boʻlmasligini tushunib yetgan. Shuning uchun u yangi chelenj va imkoniyatlarni qarshi olishning ayni vaqti kelganini bildirgan,

 

“Inson atrofidagi oʻzgarishlar, reallik bilan hisoblashishi hamda oʻz imkoniyat va qobiliyatlarini toʻgʻri baholay olishi kerak. Garchi deputat sifatida samarali faoliyat olib bordim, deb oʻylasam-da, bu faoliyatda davom etish oʻzim uchun ham, saylovchilar uchun ham manfaatli boʻlmasligini tushunib yetdim. Menimcha, hayotimda oʻzgarishlar qilish, yangi chelenj va imkoniyatlarni qarshi olishning ayni vaqti.

 

Shu bois, deputatlik mandatimni tugatishga, yangi saylovlarda nomzodimni ilgari surmaslikka qaror qildim. Bundan keyingi faoliyatimni esa ijro hokimiyatida investitsiya yoʻnalishida (deputatlikdan avval ham shu yoʻnalishda ishlagan edim) masʼul xodim sifatida davom ettiradigan boʻldim. Oʻzi xayrli qilsin.

 

Fursatdan foydalanib, menga oʻz vakilligini ishongan Margʻilon okrugi saylovchilariga, faoliyatimni eʼtirof etib, qoʻllab-quvvatlagan jamoatchilik faollari, OAV vakillari va koʻplab bloger doʻstlarimizga bildirilgan ishonch va qoʻllov uchun minnatdorchilik bildiraman”, deb yozadi sobiq deputat.

 

Shuningdek, u “Parlament yigʻilishlarida har doim oʻz fikrimni aytishga imkoniyat yaratgan Qonunchilik palatasi Spikeriga, yalpi va fraksiya yigʻilishlarida qoʻllab-quvvatlagan hamkasb deputatlarga hamda qonun loyihalarini takomillashtirishda kerak boʻlsa deputatlardan ham koʻproq mehnat qiladigan Palata devoni xodimlariga” ham rahmat aytgan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//