Asaka tumani prokurori oʻrinbosari 8 yilga qamaldi

Saqlash
15:08 / 01.08.2024 323 0

Shuningdek, sobiq IIV xodimi ham 6 yilga ozodlikdan mahrum qilingan.

 

2024-yilning fevralida Asaka tumani ichki ishlar boʻlimi tergov boʻlinmasi sobiq xodimi Asaka tumani prokurori oʻrinbosari orqali mazkur tuman prokuraturasi ish yurituvida boʻlgan jinoyat ishi doirasida qurilish firmasi rahbariga nisbatan qoʻllangan qamoq ehtiyot chorasini oʻzgartirib, tergov harakatlari davomida aniqlangan zarar summasini qayta nazorat-oʻlchov tadbirlari oʻtkazish orqali kamaytirib berish evaziga ayblanuvchining yaqinlaridan 15 ming dollar olayotgan vaqtida qoʻlga tushgandi.

 

Olib borilgan tergov harakatlari davomida tuman prokurori oʻrinbosari ham ushbu jinoyat ishiga ayblanuvchi tariqasida jalb qilinib, qamoqqa olingan.

 

Mazkur ish yuzasidan sud hukmiga koʻra, sobiq IIB xodimi H.A. Jinoyat kodeksining 25,168-moddasi (firibgarlik) 4-qismi “a” bandi va 28,211-moddasi (pora berish) 3-qismi “a” bandi bilan aybli deb topilib, 6 yil 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

 

Ish doirasida sudlangan sobiq Asaka tuman prokurori oʻrinbosari S.H. ham Jinoyat kodeksining 25,168-moddasi 4-qismi “a” bandi va 28,211-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan aybli deb topilgan. U 8 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilingan.

 

Sud hukmidan koʻrinishicha, S.H. aybiga iqror boʻlmagan va butunlay aybsiz ekanini aytgan. “Kun.uz”ga murojaat qilgan S.H.ning yaqinlari ishni tergov qilgan Andijon viloyat prokuraturasi uyushgan jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurashish boʻlimi alohida muhim ishlar boʻyicha katta tergovchisi N.O. dalillarni qalbakilashtirganini aytmoqda.

 

Jumladan, tezkor tadbirdan yozib olingan soʻzlashuvlar audiosining stenogrammasida Asaka tuman prokurori oʻrinbosarining tilidan chiqmagan soʻzlarni kiritilib, uni ayblash uchun dalil sifatida foydalangan, deyiladi murojaatda.

 

Hozirda S.H. tomonidan apellyatsiya tartibida shikoyat kiritilgan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//