Oʻzbekistonda ham Afgʻonistonning anorli ichimliklari sotuvi toʻxtatilishi mumkin

Saqlash
23:53 / 31.07.2024 389 0

Afgʻonistonning anorli ichimligi sifat talablariga javob bermasligi aniqlandi.

 

Texnik jihatdan tartibga solish sohasida nazorat inspeksiyasining maʼlum qilishicha, bozorlar va savdo rastalarida sotilayotgan “Royal” savdo belgisi ostidagi anor sharbati mahsuloti texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi meʼyoriy hujjatlar talabiga qay darajada mos kelishi oʻrganilgan.

 

Tahlillarga koʻra, “Royal” savdo belgisi ostidagi anor sharbati mahsuloti tamgʻalanishi (markirovka) boʻyicha UzTR.490-022:2017 “Oziq-ovqat mahsulotlarini tamgʻalash yuzasidan uning xavfsizligi toʻgʻrisidagi umumiy texnik reglament”ining 8, 36, 53 va 58-bandlari talablariga nomuvofiq boʻlgan.

 

Akkreditlangan sinov laboratoriyasining xulosasi boʻyicha ushbu mahsulot tarkibida “Azorubin, E 122” moddasi belgilangan meʼyordan ortiq ekanligi aniqlangan.

 

Yaʼni, sharbat tarkibida rang beruvchi (E122 azorubin, E sariq xinolin, FCF E110 sariq “quyosh botishi”, AS E129 qizil maftunkor, 4R E124 ponso va E102 tartrazin) oziq-ovqat mahsulotlari uchun “Tarkibida rang beruvchi (rang beruvchilar) mavjud, ular bolalarning faolligiga va diqqatiga salbiy taʼsir koʻrsatishi mumkin” degan ogohlantiruvchi yozuv yozilishi kerak.

 

Mazkur holatlar Oʻzbekistonning “Texnik jihatdan tartibga solish toʻgʻrisida”gi, “Standartlashtirish toʻgʻrisida”gi, “Metrologiya toʻgʻrisida”gi, “Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida” gi qonunlari va texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga zid boʻlib, ularni bajarmaslik qonun buzilishiga olib kelishi taʼkidlangan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//