Endi “Ochiq byudjet”da doimiy tarzda gʻolib boʻlib kelayotgan mahallalarga tanaffus beriladi

Saqlash
20:52 / 30.07.2024 386 0

“Ochiq byudjet”(“Open budget”)da doimiy tarzda gʻolib boʻlib kelayotgan mahallalarga tanaffus berilishi mumkin.

 

30-iyul kuni boʻlib oʻtgan Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida deputatlar parlament soʻroviga yuborilgan javobni koʻrib chiqdi.

 

Mazkur parlament soʻrovi Qonunchilik palatasi tomonidan Bosh vazir oʻrinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri J. Qoʻchqorovga joʻnatilgan edi.

 

Soʻrov “Tashabbusli byudjet asosida shakllantirilgan loyihalarni moliyalashtirish va ularning natijadorligini taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar toʻgʻrisida” boʻlib, unga berilgan javobda “Tashabbusli byudjet” loyihasini yanada takomillashtirish, ilgʻor axborot texnologiyalari imkoniyatlaridan samarali foydalangan holda aholining faol ishtirokini yanada kengaytirishda olib borilayotgan amaliy ishlarga qaratilgan.

 

Jumladan, joriy yil birinchi mavsumdan boshlab “Bir fuqaro-bir ovoz” tamoyili joriy etilgani, fuqarolarga qulaylik yaratish maqsadida “Ochiq byudjet” portalining “Android” va “IOS” tizimlarida ishlaydigan mobil ilovasi ishlab chiqilgani taʼkidlangan.

 

Bundan tashqari, keng jamoatchilik va deputatlarning takliflarini inobatga olgan holda, endilikda amaldagi tartibga quyidagi oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilishi nazarda tutilmoqda:

 

▪️ aholi soni kichik boʻlgan mahallalarning gʻolib boʻlish imkoniyatini yaratish maqsadida doimiy tarzda gʻolib boʻlib kelayotgan mahalla(tashkilot)larga tanaffus eʼlon qilish amaliyotini joriy etish;

 

▪️ xodimlarni majburiy ovoz toʻplashga jalb etish holatlarini bartaraf etish maqsadida ovoz berish bosqichi muddatini 10 kunga kamaytirish, majburiy ovoz toʻplangan loyihalarni gʻolib loyihalar roʻyxatidan chetlatish amaliyotini joriy etish;

 

▪️ xalq deputatlari hududiy kengashlarining vakolatlarini kengaytirish maqsadida tuman (shahar) byudjetidan qoʻshimcha mablagʻ ajratish hisobiga gʻolib boʻlmagan loyihalarni qoʻshimcha gʻolib sifatida eʼlon qilish amaliyotini joriy etish.

 

Ushbu hujjat loyihasi ishlab chiqilib, koʻrib chiqish va tasdiqlash uchun Oliy Majlis Senatiga taqdim etilgan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//