Koʻchada sotilayotgan muzqaymoq tarkibida stafilokokk bakteriyasi aniqlandi

Saqlash
20:05 / 30.07.2024 435 0

Koʻchalarda sotilayotgan muzqaymoq tarkibida stafilokokk bakteriyasi aniqlandi. Bu haqida Sanepidqoʻmita xabar berdi.

 

Maʼlum boʻlishicha, soʻngi paytlarda yoʻl-yoʻlakay sotilayotgan muzqaymoqlardan zaharlanish holatlari uchramoqda.

 

Aynan bunga muzqaymoq solingan aksariyat idishlarning sanitariya-gigiyena talablariga javob bermasligi, bunday plastik idishlarni esa kimyoviy usulda zararsizlantirish imkoniyati ham mavjud emas sabab boʻlmoqda.

 

Xabarga koʻra, zaharlanish holatlarining oldini olish maqsadida nazorat tahlili oʻtkazilganda koʻchada sotilayotgan muzqaymoq tarkibida stafilokokk bakteriyasi aniqlangan.

 

Taʼkidlash lozim, mazkur turdagi bakteriya ikkilamchi infeksiyalarning rivojlanishiga sabab boʻladi. Patogen stafilokokk tushgan sut va sut mahsulotlari – tort, muzqaymoq va boshqa oziq-ovqatlarni isteʼmol qilganda kishi zaharlanishi mumkin.

 

“Yoʻl-yoʻlakay sotilayotgan muzqaymoqlarning qachon va qayerda, qanday sharoitda ishlab chiqarilgani, tarkibi, saqlash muddati hamda sharoiti toʻgʻrisida hech qanday maʼlumot yoʻq. Shuningdek, bu mahsulotni sotayotgan sotuvchilar maxsus kiyim-bosh bilan taʼminlanmagan va ularning tibbiy koʻrikdan oʻtgani toʻgʻrisida maxsus yuritiladigan daftari ham mavjud emas. Talabga koʻra, maishiy xizmat koʻrsatuvchi korxonalar, savdo shoxobchalari va oziq-ovqat mahsulotlari savdosi bilan shugʻullanadigan xodimlar har olti oyda tibbiy koʻrikdan oʻtib turishlari zarur”, deyiladi xabarda.

 

Bundan tashqari, muzqaymoq tayyorlashda xodimlarning ham sogʻligi inobatga olinishi lozim.

 

“Agar ishchi-xodimlar yuqori nafas kasalliklari — tonzillit, gaymorit, stomatit bilan kasallangan boʻlsa, bu ishchilarni vaqtinchalik ishdan ozod qilib, davolangandan keyin qabul qilish maqsadga muvofiq boʻladi. Bundan tashqari, qoʻlida teri-kasalliklari va panarisiya boʻlsa, bunday xodimlarni ham ishdan belgilangan tartibda chetlashtirish zarur. Shu bois har bir oziq-ovqat mahsulotini tayyorlaganda xodimlar sanitariya-gigiyena qoidalariga amal qilishlari talab etiladi”, deyiladi Sanepidqoʻmita xabarida.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//