Xorijliklarga Oʻzbekiston fuqaroligini pullagan “pasport stol” boshligʻi 7 yilga qamaldi

Saqlash
23:00 / 29.07.2024 541 0

Toshkent shahri Yakkasaroy tumani IIO FMB Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boʻlimi sobiq boshligʻi Z.A. 7 yilga qamaldi.

 

Maʼlum boʻlishicha, u pul evaziga Rossiya, Qozogʻiston va Qirgʻiziston fuqarolariga noqonuniy tarzda ID karta hamda “qizil pasport” rasmiylashtirib bergan.

 

Jumladan, Z.A. “Donna Global” MCHJ (стол услуг) rahbari D.Sh. (marhum, jinoyat ishining unga tegishli qismi tugatilgan) bilan birgalikda 9 nafar chet el fuqarosiga Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi ID kartasi hamda xorijga chiqish biometrik pasportini tayyorlab, 4 ming dollardan 15 ming dollargacha narxda sotgan.

 

“Ishlab topilgan” pul esa sheriklar oʻrtasida oʻzaro taqsimlangan.

 

Xabarda keltirilishicha, Z.A. mansab vakolatini suiisteʼmol qilgan holda oʻziga biriktirilgan “E-kalit” yordamida “Pasport-viza” tizimiga kirgan va aslida boshqa fuqaroga tegishli boʻlgan SE 0547950 seriya va raqamli fuqarolik pasportini noqonuniy tarzda Rossiya fuqarosi K.D.ga rasmiylashtirgan, yaʼni unga tegishli boʻlganligi haqida qalbaki elektron hujjat yaratgan.

 

Shu tariqa K.D. (Rossiya fuqarosi) Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosining AD 2099901 seriya va raqamli ID kartasi hamda FA 6789244 seriya va raqamli xorijga chiqish biometrik pasportini mansabdordan sotib olgan.

 

Bundan tashqari, Z.A. IIV MFRBBning “Manzil” tizimiga kirib, hech qanday asoslantiruvchi hujjatlar mavjud boʻlmasa-da, K.D.ni Toshkent shahar Yunusobod tumani “Ahilobod” MFY 13-mavze, 72-uy, 90-xonadonga doimiy yashash joyi boʻyicha roʻyxatga ham qoʻygan.

 

Z.A. mazkur faoliyatni yana davom ettiradi va Oʻzbekiston fuqaroligini sotaveradi.

 

Z.A. bularning ayrimlarini Yakkasaroy tumani IIO FMB Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boʻlimi boshligʻi lavozimidan boʻshatilganidan soʻng, IIVning har qanday elektron tizimlardan foydalanish vakolatiga ega emasligiga qaramasdan, oʻziga biriktirilgan “E-kalit”ni belgilangan tartibda topshirmasdan amalga oshirgan.

 

Sud hukmiga koʻra, Z.A. JKning 209-moddasi (Mansab soxtakorligi) 2-qismi “a” bandi, 210-moddasi (Pora olish) 2-qismi “a, b” bandlari, 228-moddasi (Hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) 2-qismi “a, b” bandlari va 278-4-moddasi (Kompyuter axborotini modifikatsiyalashtirish) 2-qismi “v” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilgan. Unga nisbatan 7 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

 

Shuningdek, sud hukmi bilan yuqoridagi chet el fuqarolari mansab soxtakorligi, pora berish, hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish, qonunga xilof ravishda chet elga chiqish yoki Oʻzbekiston Respublikasiga kirish kabi jinoyatlarda aybli deb topilgan. Ularga 48 mln soʻmdan 124,5 mln soʻmgacha jarima jazolari belgilangan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//