“Film haqidagi xabarlar haqiqatdan yiroq va bunga oydinlik ham kiritilmoqda” — Otabek Hasanov

Saqlash
05:57 / 27.07.2024 1208 0

Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbari Otabek Hasanov hindlar Zahiriddin Muhammad Boburga atab film suratga olayotgani haqidagi xabarlarga munosabat bildirdi.

 

Uning soʻzlariga koʻra, film haqidagi xabarlar haqiqatdan yiroq va bunga oydinlik ham kiritilmoqda.

 

“Buyuk bobokalonimiz bilan bogʻliq tarix haqida dunyo ahlini chalgʻitish kabi bu holat mamlakatimiz jamoatchiligini, ziyolilarni tashvishga solib, keskin munosabatlarga sabab boʻldi.

 

Shu qatori meni ham bu holat qattiq tashvishga soldi va tegishli davlat tashkilotlari, elchixonalar bilan vaziyat yuzasidan maʼlumot olish uchun bogʻlandim.

 

Aytish lozimki, film haqidagi xabarlar haqiqatdan yiroq va bunga oydinlik ham kiritilmoqda. Albatta, bu masalaga yana aniqlik kiritib, qoʻshimcha xabar beriladi”, deydi u.

 

Shuningdek, Hasanov mazkur masala yuzasidan Kinematografiya milliy agentligi bilan ham suhbatlashganini aytadi:

 

“Kinematografiya milliy agentligi bilan ham suhbatlashdik. Xabaringiz bor, Oʻzbekistonda eng qadimgi oʻtmishdan to yaqin tarixgacha boʻlgan davrni oʻz ichiga olgan “Tirik tarix” loyihasi doirasida sarkardalarimiz, allomalar haqida turkum filmlar yaratilmoqda. Bu loyiha ham tez orada oʻz samarasini berib, milliy oʻzligimiz bilan bogʻliq tariximiz ekranlarda gavdalanadi.

 

Lekin shu oʻrinda meni xursand qilgani, milliy gʻurur, vatanparvarlik shunchaki kitoblar-u, quruq soʻzlarda emas, xalqimiz ong-u shuurida yashamoqda, keng jamoatchilik esa bu kabi holatlarga aslo befarq emas”.

 

Otabek Hasanov buyuk ajdodlarimiz tarixiga befarq boʻlmagan ziyolilarga, keng jamoatchilikka markaz minnatdorchilik bildirishini ham taʼkidlaydi.

 

“Oʻz navbatida, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi keng jamoatchilikka, ziyolilarga befarq boʻlmagani, ajdodlarimiz bilan bogʻliq tariximizni targʻib qilish haqidagi fikrlari uchun minnatdorchilik bildiradi.

 

Biz millat masʼuliyati yoʻlida hamfikr boʻlsak, birlashsak, bu kabi qadriyatimiz, tariximiz, oʻzligimizga qaratilgan tahdidlarga qarshi tura olamiz”, deya soʻzlarini yakunlaydi Otabek Hasanov.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//