Endi soxta tabiblar javobgarlikka tortilishi mumkin

Saqlash
15:52 / 24.07.2024 359 0

Endilikda soxta tabiblar javobgarlikka tortilishi mumkin.

 

Sogʻliqni saqlash vazirligining xabariga koʻra, mazkur masala boʻyicha qonunchilikka alohida javobgarlik kiritish taklif etilmoqda.

 

Bunga soxta tabiblarning ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan turli xil videolari sabab boʻlgan.

 

“Ijtimoiy tarmoqlar bu kabi shubhali xizmatlarni keng targʻib qiluvchi platformaga aylanib qoldi. Ularning asosiy auditoriyasi ham, mijozlari ham asosan ogʻir hayotiy ahvolga tushib qolgan fuqarolarimiz”, — deydi Respublika xalq tabobati ilmiy-amaliy markazi direktori Jamshid Mirrahimov.

 

Taʼkidlanishicha, turli xastaliklardan tez, oson, asoratsiz, muhimi, tabiiy yoʻl va uy sharoitida xalos boʻlishni istagan fuqarolar “gʻayritabiiy qobiliyatlarga ega”ligini iddao qilayotgan bunday kimsalarga murojaat qilib, aldanib qolmoqda.

 

Jumladan, yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda ayrim kasalliklarni davolashda chuvalchang isteʼmol qilish foydali ekanligini targʻib qiluvchi videolavhalar tarqalgan boʻlib, unda xalq tabobati bilan shugʻullanish uchun tegishli ruxsatnomaga ega boʻlmagan “tabib” tomonidan odamlarni oʻz tavsiyalariga ishontirish uchun tirik holatdagi chuvalchangni isteʼmol qilib koʻrsatishi aks etgan.

 

“Avvalo, bunday xatti-harakat sanitariya holatiga zid. Qolaversa, ushbu “davolash usuli” tabobatda ham, zamonaviy tibbiyotda ham asoslanmagan.

 

Videodagi jonzot yer chuvalchangi yoki yomgʻir chuvalchangi deb ataladi. U tuproqdagi har xil parazit va mikroelementlar bilan organizmga tushgach, turli xavfli kasalliklarni keltirib chiqarishi mumkin”, deyiladi vazirlik xabarida.

 

Endi mazkur turdagi videolarni tarqatuvchilarga qonunchilik doirasida ish koʻrish masalasi oʻrtaga tashlangan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//