Yozuv, til yurtning mavqeini belgilaydi

Saqlash
12:47 / 17.12.2021 3027 0

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yilning 20-yanvarida “Mamlakatda davlat tilida ish yuritishni samarali tashkil qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 34-sonli qarori hamda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.Aripov rahbarligida 2020-yil 9-mart kuni oʻtkazgan videoselektr yigʻilishi 01-30/1-3425 sonli bayonining 5-bandida tashqi yozuvlar, lavhalar, eʼlonlar, reklama va koʻzgazmali boshqa axborot matnlarini “Davlat tili haqida”gi Oʻzbekiston Respublikasining qonuni talablariga muvofiqlashtirish vazifasi belgilab qoʻyildi.

Bu degani, reklama bannerlaridagi yozuvlar, eʼlon va peshlavhalar, har qanday reklama va koʻrgazmali boshqa axborot matnlari toʻliq davlat tilida berilishi shart va majburiydir. Ammo, haqiqatdan ham shundaymi?

Savolimizga javobni Toshkent shahri koʻchalarida, mahallalarida yurib axtardik. Ammo nigohimiz tushgan manzaralar ketma-ketligi taʼbimizni tobora xira qilaverdi. Chunki eʼlon matni va peshlavhalar istalgan koʻrinishda, istalgan tilda yozib joylashtirilgan. Peshlavhalarda koʻplab yozuvlar rus va ingliz tilida berilgan. Baʼzi joylarda kirill, baʼzi joylarda esa lotin alifbosidan foydalanilgan. Imlo xatolari mavjud.

Daftarimizga rus va ingliz tilida yozilgan bannerlardagi reklamalar, peshlavhalar, eʼlonlarning sonini sanab yozib borar ekanmiz, sanoq koʻpaygandan koʻpayib borib, adashib ketdik. Lotin hamda krill alifbosida yozilgan peshlavhalarni, reklamalarni sanash esa anchayin oson kechdi.

Baʼzi joylarda pannolardagi yozuvlar va suratlarning rangi oʻchib xira tortganiga, yirtilib osilib qolganiga ham guvoh boʻldik.

Tadbirkorlik subyektlari, xizmat koʻrsatish obyektlari, korxona va tashkilotlardagi peshlavhalar, narxnomalar va eʼlonlar, ayniqsa, aholi gavjum joylar, bozorlar, savdo rastalari, mahalla guzarlari koʻchalarda panno va bannerlardagi yozuvlar davlat tili qoida meʼyorlariga mutlaqo mos emasligi holatlarini afsuski va yana afsuski juda koʻplab uchratdik. Yaxshilab razm solinsa koʻrinadi, shahar va koʻchalarni turli shaklda yozilgan, imloviy xatolari bor matnlar egallab olgan.

Guvoh boʻlganimiz, ingliz tilida yozilgan Sultan Ahmet-RESTAURANT – Sultan Ahmad restorani, DIAMOND CENTER – Diamond markazi (Olmos markazi),WHITE HOUSE – Oq uy, BOUTIQUE – Butik, kichik doʻkon, EVEREST – Choʻqqi, FABERLIC – Firma nomi, VALENTINA NAILS STUDIO – Valentina tirnoqlar studiyasi, HAMMER SPORT – Hammer (mashina turi) sport, FLASH – chaqnash, miltilllovchi maʼnolarini bildiradi. FITNESS WOMEN – Ayollar mosligi, yaroqliligi (ayollarning jismonan baquvvatligi, moslashuvchanligi.) Bunday misollarni istaganimizcha keltirishimiz mumkin.

Rus tilida yozilgan koʻplab soʻzlarga duch keldik. ОХОТА РЫБАЛКАni BALIQ OVI, АПТЕКАni DORIXONA, ВСЁ ДЛЯ ДОМАni HAMMA NARSA UY UCHUN, МЫ ОТКРЫЛИСЬni BIZ OCHILDIK, ХЛЕБni NON, ДЕТСКИЙ САДni BOLALAR BOGʻCHASI shaklida yozsa boʻladi-ku.

Kishini oʻylantiradigan bir holat mavjud. Tadbirkor oʻzining ishini koʻrsatish, reklama qilish maqsadida Reklama agentliklarida faoliyat koʻrsatayotgan mutasaddilarga murojaat qiladi. Belgilangan miqdordagi pulni ham toʻlaydi. Agentlik mutassadilari oʻzbek tili davlat tili ekanligini, lotin alifbosida ish yuritish kerakligini nahotki bilishmasa?

Matnlarni xatosiz yozdirishni bilmasak, filologlardan maslahat olsak boʻladi-ku.

Barcha tumanlarda Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini taʼminlash masalalari boʻyicha maslahatchilar mavjud. Ular tegishli xizmat xodimlarini jalb etgan holda tumanlardagi peshlavhalar, reklama va axborot matnlari, tashqi yozuvlarni oʻrganish, bu borada aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish borasida koʻrayotgan chora-tadbirlarining samarasi, afsuski, sezilmayapti.

 

Oygul UBAYDULLA QIZI,

Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazining mutaxassisi

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//