Jahon
Nyu-Yorkning eng gavjum tumanlaridan biri Bruklinda oʻzbek oilasining 4 nafar aʼzosi, jumladan ona va kichik yoshdagi ikki nafar bola oʻz uyida pichoqlab oʻldirilgan holatda topildi, deb xabar beradi New York Times. Politsiyaning aniqlik kiritishicha, vafot etganlar 56 yoshli Mavluda Fayziyeva, uning 27 yoshli kelini Maftuna Hakimova va Hakimovaning 4 va 5 yoshli farzandlari Timur hamda Kamila Shavkatovalar boʻlgan. Ular soʻnggi 10 yilda Bruklindagi ushbu kvartirada yashab kelgan.
Qotillik juma kuni kechqurun sodir etilgan. Shanba kuni tongda politsiya gumonlanuvchini hibsga olgan.
Qotil – qurbon oilaning aʼzosi, Amerika banki mutaxassisi boʻlgan
New York post nashrining maʼlum qilishicha, politsiya jinoyat sodir boʻlgan xonadonga kirganida 56 yoshli ayol jasadini boʻynida bir nechta pichoq jarohati bilan, koʻrpaga oʻralgan holda topadi. Uyni aylanib chiqqanida esa ikki bolaning jasadi kir yuvish xaltasiga solib, shkafga berkitilgani aniqlanadi. Uning yaqinida yana bir 27 yoshli ayol jasadi topiladi.
“Uning butun dunyosi vayron boʻldi” – voqeadan dahshatga tushgan qoʻshnilar jinoyat haqida
ABC7 nashri jinoyat boʻyicha qoʻlga olingan shaxs – Fayziyevaning oʻz farzandi Shahboz Rajabboyev, oʻldirilgan bolalar esa jinoyatchining jiyanlari boʻlishi mumkinligini aytgan. Bu haqda jinoyat sodir boʻlgan oilaning qoʻshnilari maʼlum qilgan. Ulardan birining aytishicha, oʻlim haqidagi xabar kutilmaganda paydo boʻlib, hayratlantirgan. Chunki binodagi hamma bir-birini yaxshi tanigan.
“Bu yerdagi aksariyat odamlar uzoq yillardan buyon istiqomat qiladi, – deydi fuqarolardan biri. – Barcha bir-birini yaxshi taniydi, yordam beradi. Bu yomon tuman emas”.
“Nega politsiya chaqirmadim? Nega eshik oldiga kelmadim?” – deydi shaxsini oshkor etishni istamagan, jinoyat vaqtida turli qichqiriq ovoziga guvoh boʻlgan qoʻshnilardan biri.
“Ota tashqarida uzoq yigʻladi. Uning butun dunyosi vayron boʻldi. U bir vaqtning oʻzida onasi, turmush oʻrtogʻi va farzandlaridan ayrildi” – deydi oʻsha binoning beshinchi qavatida yashovchi Jennifer Ponzi.
New York Times nashrining aniqlik kiritishicha, qurbon bolalarning otasi uyga kelganida qoʻllari tirnalgan va qonga belangan Rajabboyevga toʻqnash kelib, “onam qani”, deb soʻraydi. Ukasi esa “Boring, uni toping!” deb qoʻpol ohangda javob qaytaradi. Shundan keyin u uyiga kirib, pichoqlangan onasini koʻradi:
... Birozdan soʻng uyga kirib, yugurib qaytib chiqadi va: “onam polda juda koʻp qon yoʻqotib yotibdi. Men oilamni topolmayapman”, – deb yigʻlaganini eslaydi qoʻshnilardan yana biri.
Shundan keyin u politsiyaga qoʻngʻiroq qilib, onasidan boshqa qurbonlarni topolmaganini aytadi. Politsiya yetib kelgach, kvartiraga birga kiradi va qolgan 3 nafar qurbonni yashiringan joydan topadi. Bu orada Rajabboyev qaytib kelib, “Mening aybim yoʻq! Meni hibsga oling! Bu men emasdim!” deb baqiradi. Organ xodimlari uni oʻsha yerda qoʻlga oladi. Bu vaqtda gumonlanuvchi kvartirada yana boshqa birov boʻlganini aytadi.
Tergovchilar jinoyat maishiy muammolar ortidan yuzaga kelgan boʻlishi mumkinligini taxmin qilmoqda.
Baʼzi manbalarda qotil giyohvand moddalarga ruju qoʻygani, ruhiy nosogʻlom boʻlishi mumkinligi va oila aʼzolari uni koʻpincha tashqariga chiqarmagani aytilgan. Biroq bu maʼlumotlar oʻz isbotini topmagan: Rajabboyevning ijtimoiy tarmoqlardagi, xususan, LinkedInʼdagi sahifasida keltirilgan maʼlumotlarga koʼra, u AQShning eng yirik banklaridan biri Bank of Americaʼda dasturchi sifatida ishlab kelgan.
Shahboz Rajabboyev New York politsiyasi tomonidan rasman jinoyatchi deb topilib, unga qarshi rasmiy ayblov e’lon qilindi. Jinoyatchi 4.1 va 4.2-darajali qotillikni amalga oshirganlikda ayblanib, unga 200 yillik qamoq jazosi tayinlanishi mumkin.
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Ilm-fan
Jamiyat
Sport
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q