Fuqarolar bogʻlana olmaydigan 70 ta tuman va shahar hokimliklari aniqlandi

Saqlash
12:32 / 22.07.2024 479 0

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi barcha tuman va shahar hokimliklaridagi ishonch telefonlarining (Call-markaz) faoliyati samaradorligi oʻrgandi.

 

Xulosaga koʻra, 70 ta tuman va shahar hokimliklarida qayta aloqa tizimi samarasiz tashkil etilgani aniqlangan.

 

Maʼlum boʻlishicha, ular fuqarolar tomonidan amalga oshirilgan qoʻngʻiroqlarni javobsiz qoldirgan.

 

Mazkur tuman va shahar hokimliklari viloyatlar boʻyicha quyidagicha taqsimlanadi:

 

▪️ Qashqadaryo viloyati – 11 ta tuman va shahar;

▪️ Andijon viloyati – 10 ta;

▪️ Toshkent viloyati – 8 ta;

▪️ Fargʻona viloyati – 7 ta;

▪️ Xorazm viloyati – 7 ta;

▪️ Namangan viloyati – 6 ta;

▪️ Samarqand viloyati – 4 ta;

▪️ Surxondaryo viloyati – 4 ta;

▪️ Qoraqalpogʻiston Respublikasi – 4 ta;

▪️ Toshkent shahri – 3 ta;

▪️ Buxoro viloyati – 2 ta;

▪️ Sirdaryo viloyati – 2 ta;

▪️ Jizzax viloyati – 1 ta;

▪️ Navoiy viloyati – 1 ta.

 

Bundan tashqari, oʻrganishlar davomida 9 ta tuman va shahar hokimliklari (Asaka, Xiva, Oʻrta Chirchiq, Hovos, Uzun, Sariosiyo tumanlari va Buxoro, Navoiy, Bekobod shaharlari hokimliklari) rasmiy veb-saytlarida ularga tegishli boʻlgan ishonch telefonlari koʻrsatilmagan.

 

Qorovulbozor, Romitan, Shofirkon, Vobkent tumanlari va Buxoro shahar hokimliklarining rasmiy veb-sayti ham ishchi holatida boʻlmagan.

 

Forish, Tomdi, Parkent, Soʻx, Qoraoʻzak, Xoʻjayli tumanlari va Guliston, Chirchiq shaharlari hokimliklarining telefon raqamlariga qoʻngʻiroq qilinganda esa masʼul xodimlar tomonidan ogʻzaki murojaat qoldirish imkoniyati mavjud emasligi maʼlum boʻlgan.

 

“Yuqoridagilarga koʻra, yoʻl qoʻyilgan qonun buzilishi holatlarini bartaraf etish hamda kelgusida ushbu holatlar takrorlanishining oldini olish choralarini koʻrish boʻyicha taqdimnomalar kiritildi”, deyiladi xabarda.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//