Oʻzbekiston Xalqaro biologiya olimpiadasidan chetlatildi

Saqlash
20:00 / 19.07.2024 1909 0

Oʻzbekiston 2024-yilgi Xalqaro biologiya olimpiadasidan chetlatilib, olimpiadada ishtirok etgan barcha oʻquvchilarning natijalari bekor qilindi. Bu haqida Xalqtaliminfo.uz nashri xabar berdi.

 

Maʼlum boʻlishicha, Oʻzbekiston IBO'ga aʼzo davlatlar roʻyxatidan ham chiqarib yuborilgan va bu qaror IBO boshqaruv kengashi tomonidan ham qabul qilingan. Bunga esa Oʻzbekiston delegatsiyasining qoidalarga rioya qilinmagani sabab qilib keltiriladi.

 

 

Ushbu voqea Oʻzbekistonning kelgusidagi ishtirokini ham xavf ostiga qoʻyishi mumkin.

 

Xalqtaliminfo.uz nashriga intervyu bergan (ismining ochiqlanishini istamagan) mutaxassisning taʼkidlashicha, Oʻzbekiston delegatsiyasi tomonidan qoidalarga zid harakatlar aniqlangan, yaʼni olimpiada jarayonida oʻzbekistonlik ishtirokchilar tomonidan akademik halollik tamoyillari buzilgan.

 

Yaʼni, Xalqaro biologiya olimpiadasining asosiy tili ingliz tili boʻlishiga qaramay, ishtirokchilar topshiriqlarni oʻz ona tilida bajarish imkoniyati yaratib berilgan.

 

Aniqlik kiritilishicha, 2024-yilning 7-14-iyul kunlari Qozogʻistonning Ostona shahrida oʻtkazilgan olimpiadada bir nafar oʻzbekistonlik oʻquvchining tarjima qilish jarayonida test topshiriqlariga maxsus belgilar qoʻyilgani maʼlum boʻlgan.

 

IBO boshqaruv kengashi bu qarorni birdaniga qabul qilmagan. Boisi, Oʻzbekiston delegatsiyasining 2010-yilda Janubiy Koreyada oʻtkazilgan Xalqaro biologiya olimpiadasidagi ishtirokida ham xuddi shunday holat kuzatilgan va oʻshanda ham oʻquvchilarning natijalari bekor qilib yuborilgan edi.

 

Aynan bunday holatning ikki marta qaytarilishi Oʻzbekistonning IBO'ga aʼzo davlatlar roʻyxatidan chiqarib yuborilishiga asosiy sabab boʻlgan boʻlishi mumkin.

 

“Hech kimga sir emaski, Oʻzbekistonda oʻtkaziladigan baʼzi olimpiada, tanlov va musobaqalarda ham akademik halollik tamoyillarining buzilishi holatlari uchrab turadi. Bu esa nafaqat tanlovlarning adolatliligiga, balki taʼlim tizimining umumiy nufuziga ham jiddiy zarar yetkazmoqda.

 

Afsuski, halollik tamoyillarining buzilishi oʻquvchilar orasida mehnat va bilim orqali emas, balki aldov va firibgarlik orqali muvaffaqiyatga erishish mumkin deb oʻylashlariga sabab boʻlmoqda. Buning ayanchli oqibatini esa koʻrib turibmiz”, deyiladi xabarda.

 

Hozircha holat yuzasidan Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi rasmiy bayonot bergani yoʻq.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//