Fargʻonada “Maʼnaviyat festivali” yuqori shukuhda oʻtkazilmoqda

Saqlash
17:57 / 18.07.2024 383 0

“Biz bir boʻlsak – yagona xalqmiz, birlashsak – Vatanmiz!” shiori ostidagi “Maʼnaviyat festivali” Fargʻona viloyatida oʻzgacha kayfiyat va koʻtarinki ruh bilan oʻtmoqda.

 

Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi, Madaniyat vazirligi, Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi, “Maʼrifat” targʻibotchilar jamiyati, Yoshlar ishlari agentligi va Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi hamkorligida tashkil qilinayotgan festival doirasidagi tadbirlarda xalq suygan sanʼatkorlar, taniqli aktyorlar, ilm-fan, sanʼat, adabiyot namoyandalari ishtirok etyapti.

 

 

Festival doirasida maʼnaviyat, yurtga sadoqat, vatanparvarlik yoʻnalishlaridagi turli loyihalar amalga oshirilmoqda, uchrashuvlar, konsertlar, adabiy suhbatlar tashkil etilmoqda.   

 

 

“Yurtimiz mustaqilligining 33 yilligi arafasida tashkil etilayotgan festival har yilgidanda qadrli, farahbaxsh oʻtmoqda. Sababi, kuni-kecha yurtboshimizning viloyatimizga tashrifi boʻlib oʻtdi. Tashrif davomida belgilangan vazifalar, yurtimiz obodligi, xalqimiz farovonligi yoʻlida amalga oshirilishi zarur koʻrsatmalarni diqqat bilan kuzatib bordik. Bu ishlarda barchamiz bir yoqadan bosh chiqarishimiz kerakligi, bir gʻoya atrofida birlashishimiz shartligini yurakdan his qildik”, – deydi Qoʻqon shahrida istiqomat qiluvchi mehnat faxriysi Gʻoyibberdi Aslonov. 

 

 

Qoʻqon va Margʻilon shaharlarida boʻlib oʻtgan “Maʼnaviyat festivali” unutilmas voqealar va samimiy suhbatlarga boy oʻtdi. “Inson qadri” loyihasi doirasida Margʻilon shahar Xoʻja Porso mahalla fuqarolar yigʻinida yashovchi Oʻktamxon Parpiyeva, Nortoji aya Ismoilova va Musoqori ota Abdusaidovlar xonadoniga borilib, ular holidan xabar olindi. Ularga sovgʻa-salomlar berilib, dildan suhbat qurildi, duolari olindi. 

 

 

“Maʼnaviyat festivali” doirasidagi tadbirlar viloyatning barcha hududlarida koʻtarinki kayfiyatda davom etmoqda. 

 

 

 

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//