Boquvchisi xorijga ishlagani ketgan oilalarga bir martalik moddiy yordam beriladi

Saqlash
20:13 / 15.07.2024 632 0

“Oʻzbekiston fuqarolarini xorijda tashkillashtirilgan tartibda ishga joylashtirish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi hukumat qarori loyihasi eʼlon qilindi.

 

Unga koʻra, boquvchisi mehnat migratsiyasiga chiqib ketgan va “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimida roʻyxatda boʻlgan oilalarga bir martalik moddiy yordam beriladi.

 

Moddiy yordam puli BHMning 2 baravari miqdorida boʻladi, yaʼni, 680 ming soʻm.

 

Shuningdek, mehnat migratsiyasiga chiqib ketgan fuqarolarning “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimida roʻyxatda boʻlgan yoki “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”dan biriga kiritilgan, nogironligi boʻlgan oila aʼzolariga dori-darmon, nogironlik aravachalari, eshitish apparatlari va ortopedik mahsulotlar xarid qilish uchun BHMning 5 baravari miqdorida (1 mln 700 ming soʻm) bir martalik moddiy yordam puli ajratiladi.

 

Bundan tashqari, mehnat migratsiyasiga chiqib ketgan fuqarolarning Oʻzbekiston Respublikasida ular bilan birga istiqomat qiluvchi pensiya yoshiga yetgan yoki I va II guruh nogironligi boʻlgan oila aʼzolariga kasaba uyushmalari tizimidagi sanatoriy va profilaktik davolanish muassasalariga bir martalik bepul yoʻllanma taqdim etiladi.

 

Bunda mazkur imtiyozlar mahalladagi tuman (shahar) hokimi yordamchilarining yozma tavsiyanomasiga asosan amalga oshiriladi.

 

Mahallalardagi yoshlar yetakchilarining yozma tavsiyanomasi bilan esa “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimida roʻyxatda boʻlgan yoki “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”dan biriga kiritilgan hamda mehnat migratsiyasiga chiqib ketgan fuqarolarning bolalariga mavsumiy faoliyat yuritadigan oromgohlarga bepul yoʻllanmalar berish yoʻlga qoʻyiladi.

 

Beriladigan moddiy yordamlar uchun belgilagan talablar quyidagicha:

▪️ mehnat migratsiyasiga chiqib ketgan fuqarolar “Xorijda ish” dasturiy majmuasida roʻyxatdan oʻtgan boʻlsa;

▪️ talabgorlar “Xorijda ish” dasturiy majmuasi orqali elektron tarzda murojaat qilsa.

 

Qonun loyihasi hozirda muhokamaga qoʻyilgan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//