“Korzinka”ga nisbatan ish qoʻzgʻatildi

Saqlash
16:30 / 15.07.2024 755 0

“Anglesey Food” MChJ(“Korzinka” nomli supermarketlar tarmogʻi)ga nisbatan ish qoʻzgʻatildi.

 

Xabarga koʻra, “Korzinka” tomonidan “Kundalik xaridlarga eng arzon narx”, “Eng arzon narx — Korzinkada”, “…Eng unumlisiga keling!” kabi turli xil usullarda tarqatilayotgan reklamalarda foydalanuvchilarni chalgʻitadigan yoki chalgʻitishi mumkin boʻlgan soʻz jumlalaridan foydalanilgan.

 

“Mazkur reklama axborotida qayd etilgan maʼlumotlarni oʻrganish natijasida, aksiya doirasida kundalik ehtiyojlar uchun kerak boʻladigan maʼlum bir miqdordagi mahsulotlardan iborat boʻlgan katalog joriy qilinganligi maʼlum boʻldi”, deyiladi Raqobat qoʻmitasi xabarida.

 

Bundan tashqari, ushbu katalogga kiritilgan mahsulotlarning narxlari turli supermarketlar tarmogʻi hamda dehqon bozorlardagi xuddi shunday mahsulotlarning narxlari boʻyicha oʻtkazilgan monitoringlar natijasiga koʻra solishtirilgani hamda taqqoslash uchun har bir tovarning alohida emas, balki savatning (katalogning) umumiy narxi olingani Qoʻmita tomonidan aniqlangan.

 

Yaʼni, “eng arzon narx” deb eʼlon qilingan mahsulotlarning alohida turlari boʻyicha narxlari boshqa supermarketlar va dehqon bozorlarida sotilayotgan xuddi shu turdagi mahsulotlar narxlaridan farq qilmasligi oydinlashgan.

 

“Reklamani bunday koʻrinishda boʻlishi reklamadan foydalanuvchilarni chalgʻituvchi yoki chalgʻitishga olib keluvchi holat deyilishi mumkin”, deyiladi Qoʻmita izohida.

 

Yuqoridagi sabablarni inobatga olgan holda, yakunda “Reklama toʻgʻrisida”gi Qonunning 16-moddasi birinchi qismi va “Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonunning 6-moddasi birinchi qismi talablari buzilishi alomatlari yuzasidan “Anglesey Food” MChJga nisbatan belgilangan tartibda ish qoʻzgʻatilgan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//