“Mamlakatimiz yoʻllari otasining erkatoylari istagan tezlikda harakatlanadigan hudud emas” – “Adolat” SDP raisi

Saqlash
14:43 / 15.07.2024 552 0

Kuni kecha “Adolat” SDP raisi Robaxon Mahmudova erkatoy haydovchilarni tiyib qoʻyish vaqti kelganligini taʼkidlab, partiya rasmiy kanalida oʻz munosabatini bildirdi.

 

Partiya raisi “AQShda toʻpponcha oʻqidan halok boʻlishingiz ehtimoli Oʻzbekistondagi avtomobil yoʻllarida avariya oqibatida halok boʻlish ehtimolidan ancha past ekan”ligi haqidagi “zil” gaplarni eshitib qolganligini aytar ekan, bunga statistik maʼlumotlarni keltiradi:

 

“…2023 yilda sodir etilgan 9 ming 839 ta YTH oqibatida 9 ming 209 nafar fuqaro jarohatlangan va 2 ming 282 nafar kishi halok boʻlgan. Bolalar bilan bogʻliq 1 ming 794 ta YTH tufayli 1 ming 568 nafar oʻgʻil-qiz jarohatlangan, 263 nafar bola esa hayotdan koʻz yumgan. Joriy yilning besh oyida voyaga yetmaganlar bilan bogʻliq 359 ta yoʻl-transport hodisasi sodir etilgan va 65 nafar bola nobud boʻlgan, 294 nafar bola turli darajada tan jarohatlari olgan”.

 

Robaxon Mahmudova hayp uchun yoʻl harakat qoidalariga amal qilmay, ijtimoiy tarmoqlarda oʻzini koʻz-koʻz qilayotganlarga eʼtibor qaratar ekan, Angrendagi holatni misol qilib keltiradi.

 

“Bu kabi holatlarning keskin oshayotgani yoʻllarda harakatlanish boʻyicha qabul qilingan qonunlar va normativ-huquqiy hujjatlarni qayta koʻrib chiqish, maʼmuriy va jinoiy javobgarlik choralarini keskin kuchaytirish zarur ekanligini koʻrsatmoqda. Qachongacha piyodalar oʻlimiga sababchi boʻlayotgan erkatoy haydovchilarga befarq boʻlamiz? Ularni tartibga chaqirish uchun faqatgina jarima miqdorini oshirish bilan kifoyalanish kutilgan natijani bermayapti. Yengil-yelpi boylik orttirib jamiyatga, qolaversa, amaldagi qonunlarga nisbatan hurmatsizlik koʻrsatayotgan ayrim haydovchilarni tarbiyalashning yangi mexanizmlarini joriy etish lozim, nazarimizda”, deydi “Adolat” SDP raisi.

 

Shuningdek, partiya aʼzolari mazkur masalda yechim sifatida quyidagilarni taklif qilgan:

▪️ tezlikni oshirganlikda muayyan muddatga avtomobil boshqarish huquqini cheklash yoki haydovchilik guvohnomasidan umrbod mahrum etish;

▪️ tezlikni oshirish, spirtli ichimlik isteʼmol qilib inson oʻlimiga sabab boʻlgan haydovchilarga jinoiy jazo choralarini kuchaytirish.

 

“… mamlakatimiz yoʻllari piyodalarning yurak hovuchlab yuradigan va otasining erkatoylari istagan tezlikda harakatlanadigan hudud emas. Shuni inobatga olib, “avtomobildagi qotillar” koʻpaymasligini taʼminlash uchun qonunchilikda yuqoridagi kabi jiddiy oʻzgarishlar qilish kerak va shart. Aks holda yoʻllarda yuz berayotgan fojialarning oldini olish imkonsiz boʻlib qolaveradi”, deyiladi munosabatda.

 

“Milliy tiklanish”partiyasi rahbari Alisher Qodirov ham bu masalga toʻxtalar ekan, bunda “Adolat” partiyasi ilgari surayotgan takliflarga qoʻshilmaydi.

 

U “deputat muammolarga yechimni saylovchilari bilan birga izlaydi”, deydi.

 

“Adolat” partiyasi raisi, deputat emas, shu sababli koʻpchilik deputatlar, ayniqsa, “Milliy tiklanish” fraksiyasi aʼzolari hamma aybni haydovchilardan izlash va hamma jazoni haydovchilarga yuklashdan qochayotganimizni bilmasligi mumkin.

 

Hammamiz izlayotgan tinchlik va toʻkinlik “harakat-vaqt-samara” formulasida ishlashidan kelib chiqilsa, transport-yoʻl infratuzilmasi va sohadagi xizmat sifati tartibni taʼminlashning muhim sharti sifatida qabul qilinishi lozim”, deya fikr bildiradi Qodirov.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//