Bolani bogʻchaga joylashtirish tartibi soddalashtirildi

Saqlash
16:06 / 11.07.2024 625 0

Vazirlar Mahkamasi qarori bilan bir qator yoʻnalishlarda yangiliklar joriy etilmoqda.

 

Bular:

▪️ Endi elektron raqamli imzo kalitini berishda jismoniy shaxslar biometrik (Face-ID) identifikatsiya qilinadi va elektron raqamli imzo kaliti avtomatik tarzda rasmiylashtirib beriladi;

 

▪️ Qurilishi tugallanmagan obyektga birlamchi kadastr pasportini shakllantirish jarayonida vafot etgan shaxsning yaqin qarindoshlariga uning nomidan murojaat qilish tartiblari belgilandi;

 

▪️ Bolalarni davlat maktabgacha taʼlim tashkilotiga qabul qilish uchun rasmiylashtirilgan yoʻllanmalarni maktabgacha taʼlim tashkilotiga axborot tizimi orqali yuborish tartibi joriy etildi;

 

Bunda yoʻllanma rasmiylashtirilgach fuqarolarga tasdiq kodga ega xabarnoma yuboriladi va shu tasdiq kod asosida bola maktabgacha taʼlim tashkilotiga qabul qilinadi.

 

Fuqarolarga yoʻllanma olish uchun berilgan soʻrovnomadagi telefon raqamini istalgan vaqtda oʻzgartirish imkoniyati yaratildi.

 

Shuningdek, agar bolani maktabgacha taʼlim tashkilotiga qabul qilish davlat tashkilotlarining aybi bilan kechiksa ham yoʻllanma bari-bir oʻz kuchida qoladi.

 

▪️ Avtomototransport vositalarini qayta jihozlash uchun ruxsatnoma berish muddati avtomototransport vositalarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish muddati bilan muvofiqlashtirildi va avtomototransport vositalarini qayta jihozlash uchun ruxsatnoma berish muddati 10 kun etib belgilandi.

 

▪️ Katta hajmli va ogʻir vaznli yuklarni avtomobil transportida tashish uchun ruxsatnoma berishda arizani koʻrib chiqish muddati 8 ish kunidan 2 ish kuniga kamaytirildi.

 

▪️ Avtomototransport vositasini boshqarish huquqini beruvchi ishonchnomani elektron shaklda rasmiylashtirishda mulkdorning Majburiy ijro byurosi bazasida qarzdorligini tekshirish axborot tizimlari orqali avtomatik ravishda amalga oshirilishi belgilandi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//