Har bir ehtiyojmand oila uchun “ijtimoiy-raqamli pasport” joriy etiladi

Saqlash
22:29 / 10.07.2024 501 0

Prezident 10-iyul kuni ijtimoiy himoya sohasidagi qoʻshimcha chora-tadbirlar taqdimoti bilan tanishdi.

 

Maʼlum boʻlishicha, endi nogironlikni belgilash bilan bir vaqtda uning reabilitatsiya dasturi hamda protezga muhtojligi boʻyicha maʼlumotlar shakllantiriladi.

 

Shuningdek, endi ekspert komissiyalari tomonidan kasbga, taʼlimga, sportga tavsiya berish, mehnatga layoqatsizlikni belgilash tartibi bekor qilinib, bunday shaxslar ish, sport va taʼlimga individual yondashuv asosida yoʻnaltiriladi.

 

Shahar jamoat transportida I guruh nogironligi boʻlgan shaxslarga bepul xizmat koʻrsatiladi.

 

Nogironligi boʻlgan shaxslarni madaniy tadbirlar, koʻngilochar tomosha va marosimlarga jalb qilish boʻyicha amaliy choralar koʻriladi.

 

Taqdimotdagi yana bir taklif Jahon banki ishtirokidagi “Inson” loyihasi haqida boʻlib, u aholining zaif qatlamlarini jamiyatga integratsiya qilishga qaratilgan. Loyiha doirasida 55 ta koʻp funksiyali hududiy xizmatlar markazi tashkil etiladi va 20 turdagi ijtimoiy xizmat yoʻlga qoʻyiladi. Toshkent, Fargʻona va Samarqandda 4 ta namunali inklyuziv kasb-hunar taʼlimi markazlari tashkil etiladi.

 

Besh ming nafar xodimning ijtimoiy ish boʻyicha malakasi oshiriladi.

 

Ijtimoiy himoya sohasidagi yana bir yangilik “ijtimoiy karta” tizimining joriy etilishidir. Bu orqali ijtimoiy toʻlovlar va subsidiyalar, ijtimoiy xizmatlar va yordamlarni tayinlash, taqdim etish, monitoring qilish va baholash jarayonlari toʻliq avtomatlashtiriladi.

 

“Ijtimoiy karta” bir vaqtning oʻzida ham toʻlov vositasi, ham ehtiyojmand toifaga mansublik tasdigʻi hisoblanadi.

 

Bu tartib dastlab Toshkent shahri va Yangiyoʻl tumanida, keyingi yildan boshqa hududlarda joriy etiladi.

 

Shu bilan 72 turdagi ijtimoiy xizmatlar, 76 turdagi yordamlar va 200 ga yaqin imtiyozlar yagona elektron tizimga umumlashtiriladi.

 

Qogʻoz shaklidagi hujjatlar bekor qilinib, vaqt va mablagʻ tejaladi.

 

Ijtimoiy soha toʻliq raqamlashtirilishi natijasida har bir oilaning ehtiyojlari va imkoniyatlarini aks ettiradigan “ijtimoiy-raqamli pasport” joriy etiladi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//