Elektr energiyasining ortiqcha hisoblanishiga oid xabarlarga izoh berildi

Saqlash
22:37 / 08.07.2024 550 0

Energetika vazirligi elektr energiyasi ortiqcha hisoblanmayotganini izohlab berdi.

 

Maʼlum boʻlishicha, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan turli xabarlarga rasmiy munosabat hamda OAV orqali video shaklidagi tushuntirishlar berilganiga qaramay, ayni mavzuda murojaatlar boʻlib turibdi.

 

Shu sababli, vazirlik holatga quyidagicha aniq izoh berdi.

 

Unga koʻra, elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimi (ASKUE) isteʼmolchilarga оʼrnatilgan hisoblagichlar orqali kun yakuni bilan, yaʼni soat 00:00 da isteʼmol qilingan kоʼrsatkichlarni tizimga yuboradi. Bunda billing tizimi hisoblagich kоʼrsatkichlarini sutka davomida isteʼmolchilarning hisob raqamiga yozib olib, hisob-kitoblarni amalga oshiradi.

 

Yangi oy boshlanganligi sababli оʼtgan oyning oxirgi kunidagi bir kunlik isteʼmol yangi oyga qоʼshiladi (yaʼni, joriy oyning 29 kuni (yoki 30 kuni) hamda oʻtgan oyning oxirgi 1 kuni bir oy sifatida hisoblanib boriladi).

 

Shunda, agar isteʼmolchi belgilangan meʼyordan ortiq elektr energiyasi sarflagan boʻlsa, oy oxiriga kelib narxlar qimmatlashadi. Yaʼni, 200 kVtdan keyingi har bir ishlangan elektr energiyasi kilovattiga 900 va undan ham oshib ketsa, belgilangan summalarda hisoblanadi.

 

Ijtimoiy tarmoqlarda koʻrsatilayotgan summalar, yaʼni 1350 soʻmdan hisoblangani taʼkidlangan xabarda koʻrsatilgan summa oʻtgan oydan qolgan 1 kun boʻlib, bungacha isteʼmolchi elektr energiyasini meʼyoridan ortiq ishlatib boʻlgan.

 

Ana shu ortib ketgan meʼyor tufayli keyingi oyga qoʻshib hisoblanadigan 1 kunlik summa qimmatdek koʻrinadi. Aslida, bu narx eski oyning 1 kunligi uchun hisoblanadi, joriy oyning qolgan kunlari uchun esa yana meʼyor boʻyicha narx qoʻyib boriladi.

 

“Isteʼmolchilarda shubha uygʻotayotgan elektr energiyasi miqdori haqidagi maʼlumotlar оʼtgan oyning oxirgi bir kunlik hisob-kitobi ekanligiga eʼtiboringizni qaratmoqchimiz”, deyiladi izohda.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//