Siyosat
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti 6-iyul kuni Shusha shahrida Turkiy davlatlar tashkilotining “Transport, oʻzaro bogʻliqlik va iqlim harakati orqali barqaror kelajakni bunyod etish” shiori ostidagi norasmiy sammitida ishtirok etdi.
Tadbirga Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev raislik qilgan.
Sammitda, shuningdek, Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Qirgʻiz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov, Turkiya vitse-prezidenti Javdat Yilmaz, Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban, shuningdek, Turkiy davlatlar tashkiloti bosh kotibi Kubanichbek Omuraliyev va TDT Oqsoqollar kengashi raisi Binali Yildirim ham qatnashgan.
Yigʻilish davomida Tashkilot doirasidagi koʻp qirrali hamkorlikning holati va istiqbollari yuzasidan fikr almashildi, amaliy sheriklikning dolzarb masalalari muhokama qilingan.
Davlatimiz rahbari oʻz nutqida ushbu uchrashuv turkiy dunyoning madaniyat poytaxtlaridan biri boʻlgan Shusha shahrida oʻtkazilayotganida chuqur maʼno mujassamligini taʼkidlab, Prezident Ilhom Aliyev rahbarligida Qorabogʻda olib borilayotgan ulkan bunyodkorlik ishlarini yuksak baholagan.
Uchrashuvda oʻtgan qisqa davrda Turkiy davlatlar tashkiloti doirasida 30 dan ortiq muhim yoʻnalishlarda oʻzaro manfaatli va keng qamrovli hamkorlik yoʻlga qoʻyilgani ham alohida taʼkidlangan.
“Ushbu sammitimiz global xavf va xatarlar ortib, oʻzaro ishonch inqirozi tobora kuchayib borayotgan bir sharoitda oʻtmoqda. Bunday murakkab vaziyatda azaliy qardoshlik ruhidan kuch olayotgan aloqalarimizni sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarishni, umumiy yondashuvlarni ishlab chiqishni davrning oʻzi taqozo etmoqda”, — degan Shavkat Mirziyoyev.
Shu bilan birga, turkiy davlatlar oʻrtasida koʻp tomonlama va uzoq muddatli hamkorlikni yanada rivojlantirish maqsadida Oʻzbekiston yetakchisi qator ustuvor masalalarga eʼtibor qaratgan.
Jumladan, tashkilotga aʼzo mamlakatlar oʻrtasida savdo hajmi barqaror oʻsayotgani va oʻtgan yilda 27 foizga oshgani mamnuniyat bilan qayd etilgan.
“Mamlakatlarimiz bugungi kunda dunyoning asosiy bozorlariga chiqish hamda Buyuk ipak yoʻlini yangi tarixiy sharoitda qayta tiklash uchun qattiq bel bogʻlagan”, — degan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti.
Sammitda “Yagona oyna” tizimini yoʻlga qoʻyish, bojxona-chegara oʻtkazish punktlarining uzluksiz ishlashini taʼminlash muhimligi ham qayd etilgan.
Oʻzbekiston Prezidenti yaqinda Toshkentda tashkil etilgan Turkiy davlatlar logistika markazlari va yuk tashuvchilari alyansini TDTning transport sohasidagi kun tartibini shakllantirish va ustuvor vazifalarini amalga oshirishga keng jalb etish maqsadga muvofiqligini koʻrsatib oʻtgan.
Bunda tashkilot doirasida Temir yoʻl maʼmuriyatlari kengashini tuzish va uning direksiyasini Toshkent shahrida joylashtirish tashabbusi ilgari surilgan.
Mamlakatimiz yetakchisi iqlim oʻzgarishiga qarshi birgalikda kurashish masalalariga alohida eʼtibor qaratgan.
Mavjud muammolarni tizimli hal etish uchun Turkiy ekologiya kengashini tuzish va uning bosh qarorgohini ekologik ofatdan eng koʻp zarar koʻrgan hudud – Orolboʻyidagi yirik shahar Nukusda joylashtirish taklif qilingan.
Prezident muqobil energiya manbalarini rivojlantirish ahamiyati haqida soʻz yuritar ekan Oʻzbekiston 2030-yilgacha qayta tiklanuvchi energiya quvvatlarining energetika balansidagi ulushini 40 foizga yetkazishni maqsad qilganini maʼlum qilgan.
Maʼlumot uchun, endilikda mamlakatimizda xorijiy sheriklar bilan birga yiliga 2 gigavatt quvvatdagi yangi shamol va quyosh elektr stansiyalari ishga tushirilmoqda.
“Qoʻshni Qirgʻizistonda gidroelektr stansiyalarini Qozogʻiston bilan birgalikda qurish ishlarini ham boshlayapmiz”, – degan Shavkat Mirziyoyev.
Davlatimiz rahbari turkiy dunyo umumbashariy sivilizatsiya rivojiga mislsiz hissa qoʻshganini urgʻulagan.
“Nomlarini jahon ahli yaxshi biladigan ulugʻ alloma va ulamolarimiz ikkita buyuk Renessansga asos solishgan. Bu azal-azaldan xalqlarimiz hayotida inson kapitali naqadar yuqori boʻlganidan darak beradi”, — degan Shavkat Mirziyoyev.
Shu munosabat bilan zamonaviy “bilimlar iqtisodiyoti”ni qurish, kreativ iqtisodiyotni rivojlantirish uchun raqamli texnologiyalar, blok-cheyn, bulutli, kvant hisoblash texnologiyalari, robototexnika, “toʻrtinchi sanoat” kadrlarini tayyorlash sohalarida hamkorlikni kuchaytirish zarurligi koʻrsatib oʻtilgan.
Buning uchun Turkiy davlatlar tashkilotining Inson kapitalini rivojlantirish ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish tashabbusi ilgari surildi.
Shu qatorda, Prezident tashkilot shafeligida aniq fanlar boʻyicha Yoshlar turkiy olimpiadasi va Butunjahon turkshunoslar kongressini kelgusi yili Oʻzbekistonda oʻtkazishni taklif etgan.
Shavkat Mirziyoyev yigʻilganlar eʼtiborini Gʻazo sektorida murakkab vaziyat yuzaga kelib, qonli urush 40 mingga yaqin aholi, ayniqsa, ayollar va bolalar hayotiga zomin boʻlganiga qaratgan. Tomonlarni zoʻravonliklarni zudlik bilan toʻxtatishga, tinchlik jarayonlarini tezroq boshlashga chaqirgan.
Mustaqil va ozod Falastin davlatining tashkil etilishi Yaqin Sharqda strategik barqarorlik va tinchlikni taʼminlashning eng asosiy sharti ekani qayd etgan.
Mamlakatimiz yetakchisi koʻp millionli turkiy xalqlar istiqomat qilayotgan Afgʻonistondagi vaziyatga toʻxtalar ekan, ushbu masala boʻyicha tashkilot aʼzolarining umumiy va yakdil yondashuvlarini ishlab chiqish muhimligini alohida taʼkidladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti koʻp millionli turkiy xalqlar istiqomat qilayotgan Afgʻonistondagi vaziyatga ham toʻxtalar ekan, ushbu masala boʻyicha tashkilot aʼzolarining umumiy va yakdil yondashuvlarini ishlab chiqish muhimligini alohida taʼkidlagan.
“Oʻzbekiston afgʻon xalqiga zarur yordam koʻrsatishni bundan buyon ham davom ettiradi. Afgʻonistonning xorijdagi “muzlatilgan” moliyaviy aktivlarini qaytarish mamlakatdagi ijtimoiy vaziyatni yumshatishga xizmat qilishiga ishonamiz”, — degan Prezident.
Sammit yakunida Qorabogʻ deklaratsiyasi hamda hamkorlikning ustuvor yoʻnalishlari boʻyicha qator kelishuvlar qabul qilingan.
Jahon
Ilm-fan
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jahon
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q