Eʼtiborsiz haydovchi avtomobil ortida uxlab yotgan sherigini bosib ketdi

Saqlash
17:50 / 02.07.2024 676 0

Haydovchining eʼtiborsizligi sabab avtomobil ortida uxlab yotgan sherigi vafot etdi.

 

Maʼlum boʻlishicha, voqea joriy yilning 7-yanvarida Jizzax viloyati Zomin tumanidagi “Peshagʻor” mahallasidagi qishloqlardan birida yuz bergan.

 

Oʻsha kuni haydovchilik bilan shugʻullanib kelgan sudlanuvchi oʻziga tegishli Nexia rusumli avtomobilda qarz undirish tashvishida yurgan tanishini manziliga elitmoqchi boʻladi. Bu orada avtoulovga ularning yana bir hamqishlogʻi oʻtiradi.

 

Shundan soʻng ular ziyofat qilmoqchi boʻladi. Bunda ziyofat hududi etib “Agʻrabod” qishlogʻi hududida joylashgan dala maydoni tanlanadi.

 

Oʻtirish davomida uchala sherik spirtli ichim isteʼmol qiladi.

 

Oradan ozroq vaqt oʻtib haydovchi avtomobil saloniga kiradi va ijtimoiy tarmoqlarni kuzatib oʻtiradi. Shu payt kimdir unga qoʻngʻiroq qiladi va bundan jahli chiqqan haydovchi avtoulovni orqaga haydab yuboradi.

 

Bu orada avtomobil orqasida yotgan sheriklaridan birining boshi ogʻir jarohat oladi.

 

Haydovchi bundan shokka tushadi va jarohatlangan fuqaroga yordam bermasdan, voqea joyidan qochib ketishga qaror qiladi.

 

Shu maqsad bilan u ikkinchi sherigiga “jabrlangan fuqaroning yonida qolishi kerakligini, hushiga kelsa, uning oʻzi uyiga yetib olishini” aytadi.

 

Haydovchi voqea joyidan ketadi ammo oradan bir oz vaqt oʻtib u yana ikkinchi sherigiga qoʻngʻiroq qiladi va “jabrlanuvchi haqida kimdir soʻrasa, uni bekatda qoldirishgan”ini aytishni soʻrab, uni koʻndiradi.

 

Ammo jinoyat bari bir fosh boʻladi.

 

Sud ishiga koʻra, sudlanuvchi oʻzining eʼtiborsizligi oqibatida bir inson hayotiga zomin boʻlganini, unga tibbiy yordam koʻrsatmaganini, qilmishini yashirishga uringanini tan olgan va kechirim soʻragan.

 

Hukmga binoan, haydovchi JKning tegishli moddalariga asosan, 3 yil barcha turdagi transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum qilingan va unga 3 yil-u 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//