Prezident Koʻksaroy qarorgohida BMT Bosh kotibi bilan uchrashuv oʻtkazdi

Saqlash
22:12 / 01.07.2024 411 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, bugun 1-iyul kuni Koʻksaroy qarorgohida rasmiy tashrif bilan mamlakatimizda boʻlib turgan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi bilan uchrashuv oʻtkazdi.

 

 

Suhbat avvalida Antoniu Guterrish Shavkat Mirziyoyevga Oʻzbekistonga kelish taklifi va koʻrsatilayotgan samimiy qabul uchun chuqur minnatdorlik bildirgan.

 

Muzokaralarda esa global va mintaqaviy tinchlik, barqarorlik va izchil taraqqiyotni taʼminlash, Oʻzbekiston va BMT oʻrtasidagi koʻp qirrali hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari, Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishga qaratilgan qoʻshma loyihalarni amalga oshirish holati muhokama qilingan.

 

Shuningdek, xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik muammolar yuzasidan fikr almashilgan.

 

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Bosh kotibning xalqaro xavfsizlik va barqarorlikni taʼminlash, BMT va uning asosiy organlarini isloh qilish hamda joriy yilda Nyu-York shahrida Kelajak sammitini oʻtkazish tashabbuslarini qatʼiy qoʻllab-quvvatlashini bildirgan.

 

Mintaqada transport jihatidan oʻzaro bogʻliqlikni rivojlantirish, oziq-ovqat, energetika va axborot xavfsizligini taʼminlash sohasida hamkorlik masalalari ham koʻrib chiqilgan.

 

Shu bilan birga, suhbat davomida Afgʻonistonda yuzaga kelayotgan vaziyat muhokama qilinib, afgʻon xalqiga gumanitar yordamni kengaytirish, jahon hamjamiyatining bu mamlakatga nisbatan umumiy strategiyasini ishlab chiqish zarurligi taʼkidlangan.

 

Uchrashuv yakunida esa 2026–2030-yillarda Oʻzbekistonning Barqaror rivojlanish maqsadlari boʻyicha BMT bilan hamkorlikning hadli dasturini birgalikda ishlab chiqish yuzasidan kelishuvga erishilgan.

 

 

Maʼlumot uchun, kelgusi yilda Samarqandda YUNESKOning 43-bosh konferensiyasi boʻlib oʻtadi.

 

Oldinroq BMT Bosh kotibi Oliy Majlis Senatida boʻlgani haqida xabar berilgan edi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//