Kichik AES qurilishi boʻyicha jamoatchilik eshituvlari oʻtkaziladi – “Oʻzatom” vakili

Saqlash
19:15 / 28.06.2024 611 0

Oʻzbekistonda kam quvvatli atom elektr stansiyasi (KQAES) qurilishi boʻyicha jamoatchilik eshituvlari oʻtkaziladi, dedi “Oʻzatom” rahbari maslahatchisi Qosim Toʻxtaxunov. Shuningdek, u atom energetikasini rivojlantirish va kichik modulli reaktorlarni tanlash zaruratini tushuntirdi.

 

Oʻzbekistonda kam quvvatli atom elektr stansiyasi (KQAES) qurilishi boʻyicha mahalliy jamoatchilik eshituvlari oʻtkaziladi. Bu haqda Atom energiyasi agentligi (“Oʻzatom”) direktori maslahatchisi Qosim Toʻxtaxunov Markaziy Osiyoda atom energetikasini rivojlantirish boʻyicha «Ostona – Moskva – Toshkent» videokonferensiyasi chogʻida maʼlum qildi.

 

“Referendum masalasiga kelsak... Konstitutsiyamizga koʻra, bu masalalar boʻyicha referendum oʻtkazishga hojat yoʻq, lekin biz, albatta, joylarda jamoatchilik muhokamalarini oʻtkazamiz», — dedi u.

 

Oʻzbekiston “jahon mehnat taqsimotida xomashyo bazasi” boʻlib qolish niyatida emas. Shu maqsadda qoʻshimcha qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish uchun mahalliy xomashyolarni qayta ishlash rejalashtirilmoqda. Bunga misol qilib, qayta ishlana boshlangan paxta hamda toʻqimachilik va kalava xorijga sotilayotganini, buning natijasida valyuta tushumi 4 barobar oshgani, 100 ming ish oʻrni yaratilgani taʼkidlandi.

 

Uran bilan ham shunday qilish rejalashtirilgan. “Nega uranni qayta ishlash va qoʻshimcha mahsulotlar olish kerak emas? Prezidentimiz oldimizga ana shu vazifani qoʻydi. Shu bois atom energetikasi masalasi biz uchun muhim va Oʻzbekiston atom energetikasini – nafaqat yirik, balki kichik modulli [atom elektr stansiyalari]ni ham ishonch bilan rivojlantiradi, deb ishonamiz”, degan Qosim Toʻxtaxunov.

 

“Oʻzatom” rahbari maslahatchisi bugungi kunda Oʻzbekiston uchun kichik modulli reaktorlar nisbatan maqbulroq ekanini taʼkidladi.

 

“Bunday turdagi reaktorlar ancha moslashuvchan, ish rejimi 120 foizni tashkil qiladi. Biz qayta tiklanadigan energiya, quyosh energiyasini juda shiddatli, keng joriy etayotganimizni inobatga olsak, hisob-kitoblarimiz shuni koʻrsatadiki, kichik modullar energiya tizimining ishlash rejimiga juda muvaffaqiyatli, juda uygʻun qoʻshilishi mumkin», degan masʼul.

 

Uning soʻzlariga koʻra, “Rosatom”ning bosh pudratchi sifatida tanlanishi “sof pragmatik yondashuv” bilan izohlanadi.

 

“Biz tahlillar oʻtkazdik: dunyoda nima sodir boʻlmoqda, qanday kompaniyalar ishlayapti, ular qanday ishlaydi. Va, tabiiyki, bizning tanlovimiz “Rosatom” boʻldi. Bu yerda sof texnik, sof pragmatik yondashuv bor”, degan “Oʻzatom” vakili.

 

Videokonferensiya 26-iyun kuni boʻlib oʻtdi. Shu kuni Jizzax viloyatining Forish tumanidagi Tuzkon koʻli yonida boʻlajak stansiya joylashuvchi joyda atom elektr stansiyasini qurish boʻyicha shartnomani kuchga kiritish tartibi toʻgʻrisida bayonnoma imzolandi. Stansiya infratuzilmasini yaratish ishlari kuzda boshlanadi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//