Yoshlar ishlari agentligiga tegishli avtomobil qoida buzgani aytildi. Agentlik munosabat bildirdi

Saqlash
20:37 / 27.06.2024 732 0

Yoshlar ishlari agentligi direktorining birinchi oʻrinbosari Dilnozaxon Kattaxanova xabarga izoh berdi.

 

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahrida 01 347 DAV davlat raqamli Malibu yoʻlning qarama-qarshi tomoniga oʻtib harakatlangani aks etgan video tarqaldi.

 

Haydovchi yana bir qoʻpol qoidabuzarlik sodir etgan holda, svetoforning qizil chirogʻida ham harakatlangan va piyodalar yoʻlagidan oʻtayotgan piyodani urib yuborishiga bir baxya qolgan.

 

Toshkent shahar IIBB Yoʻl harakati xavfsizligi boshqarmasiga koʻra, holat boʻyicha qoidabuzar haydovchi – 1985 yilda tugʻilgan K.X.ga nisbatan Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning tegishli moddalari bilan maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirilganini bildirdi. Shuningdek, haydovchi bilan profilaktik suhbat oʻtkazilgan.

 

Avtomashinalarning raqam belgilari tiplariga koʻra, «DAV» seriyali raqam belgilari davlat boshqaruvi va mahalliy davlat hokimiyati organlarining shaxsan biriktirilgan va navbatchi xizmat avtomobillariga beriladi (mudofaa, ichki ishlar, bojxona, favqulodda vaziyatlar organlarining avtomobillari hamda II tipdagi raqam belgilari beriladigan avtomobillar bundan mustasno).

 

Kun uz nashri maʼlum qilishicha, ochiq manbalarga koʻra, 01 347 DAV davlat raqamli Malibu mashinasi Yoshlar ishlari agentligiga tegishli. U agentlik direktorining birinchi oʻrinbosari Dilnozaxon Kattaxanovaga biriktirilgan.

 

Dilnozaxon Kattaxanova oʻz ijtimoiy tarmoq sahifasida ushbu xabarga munosabat bildirdi.

 

“Ayrim Telegram kanallarida menga tegishli deb aytilayotgan xizmat avtomashinasi yoʻl harakati qoidasini buzayotgan videotasvir tarqatilmoqda.

 

Birinchidan, ushbu avtotransport vositasi (01 DAV 347) menga tegishli emas.

 

Ikkinchidan, yoʻl harakati qoidalari buzilishini qoralayman”, degan Kattaxanova.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//