Bugun ayrim hududlarda yuqori darajada issiq havo kuzatilishi mumkin

Saqlash
17:32 / 27.06.2024 434 0

Iqlimshunos Erkin Abdulahatov Gidrometeorologiya ilmiy-tadqiqot instituti tahliliga tayanib, Oʻzbekistonda 27-iyun kuni soat 16:00 da kutilayotgan bioiqlimiy sharoit prognozini eʼlon qildi. Iqlimshunosning yozishicha, yaxlit shaklga ega past bosimli atmosfera sohasi issiqlik toʻlqinini (ehtimoliy termik depressiya jarayoni) keltirib chiqarmoqda.

 

Ishonchli iqlim modellarining havo hamda shudring nuqtasi harorati (hisob-kitoblar asosida nisbiy namlik kelib chiquvchi ob-havo parametri) prognoz maʼlumotlaridan foydalanib, prognoz kartasi tuzildi. Kartada keltirilishicha, ehtimoliy termal tushkunlik (termik depressiya) jarayonida 27-iyun soat 16:00 da Sirdaryo viloyati, Toshkent viloyati janubi, Jizzax va Surxondaryo viloyatlari asosiy qismi, vodiy viloyati markazi, Qoʻqon shahri atrofi hamda Xorazm viloyatining Tuyamoʻyin suv ombori atrofidagilar yuqori issiqlik (6-zona) stresslarini (qizil rangli hududlar) qabul qiladi.

 

Oʻzbekistonning boiiqlimiy sharoit kartasi (2024-yil 22-iyun soat 14.00 muddat uchun)

 

Bu sharoitda kishilar ochiq oftob ostida harakatlanishi tavsiya etilmaydi. Bugun respublikaning katta qismida "issiq" (toʻq sariq) bioqlimiy sharoitlar (5-zona) kuzatilib, bu kabi hududlardagi aholi ochiq oftob tigʻi ostida bosh kiyim, oq va sariq rangli matolardagi kiyimlarni kiyishlari, koʻp suv isteʼmol qilishlari tavsiya etiladi, deb yozadi iqlimshunos.

 

Erkin Abdulahatovning yozishicha, oq va sariq rangli paxtali kiyimlar quyosh nuri taʼsirini inson tanasiga eng kam taʼsir oʻtkazuvchi matolar hisoblanadi. Jazirama yoz oylari uchun eng maqbul rang oq va sariq rangli kiyimlardir. Qora, toʻq yashil va toʻq koʻk rangli futbolkalarni yuqori faollikdagi quyosh tigʻi ostida kiyish tavsiya etilmaydi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//