Toshkentda Spark skuter haydovchisini ataylab urib yubordi

Saqlash
14:25 / 27.06.2024 400 0

Toshkentning Amir Temur koʻchasida Spark haydovchisi skuterning izidan quvib borib, qarama-qarshi yoʻlakka chiqib ketdi va uni urib yubordi. Skuter boshqaruvchisi kasalxonaga yotqizildi. Shahar YHXB barchani yoʻl harakati qoidalariga amal qilish va masofa saqlashga chaqirdi.

 

26-iyun kuni kechqurun ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahrining Amir Temur koʻchasida Spark haydovchisi skuter haydovchisini quvib, bir necha yoʻl harakati qoidalarini qoʻpol ravishda buzgani va uni ataylab urib yuborgani aks etgan video tarqaldi.

 

Avtobus yoʻlagida turgan mashina (raqami 01 K 316 LC) chap tomonga qarab, barcha yoʻlaklar boʻylab skuter orqasida quvib borgan, soʻngra qarama-qarshi yoʻlga oʻtib, uni quvib yetgan va urib yuborgan. Oqibatda skuter haydovchisi boshqaruvni yoʻqotib, yiqilgan.

 

Poytaxt Yoʻl harakati xavfsizligi boshqarmasining maʼlum qilishicha, 34 yoshli Spark haydovchisi B.I. 24 yoshli B.A boshqaruvidagi skuter bilan “toʻqnashib ketgan”. Skuter haydovchisi jarohat bilan shifoxonaga yotqizilgan.

 

YHXB xabarida avtomobil haydovchisiga nisbatan qanday chora koʻrilgani maʼlum qilinmagan. Boshqarma tergov boshlanganini taʼkidlagan va barcha haydovchilardan “belgilangan qoidalarga amal qilishni hamda oraliq masofani saqlab harakatlanishni” soʻragan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//